Қор одам. Ганс Христиан АндерсенЧитать онлайн книгу.
uchib ketishdi, bedanalar uchish maslahatini qilishyapti, hademay hamroh shamol ham esadi. Bolalarimiz uchish paytida o‘zlarini ko‘rsatishadi, ularni yaxshi bilaman!
Vikingning xotini erta tongda qo‘ynida chiroyli jajji qizcha yotganini ko‘rib juda sevinibdi! U qizchani o‘pib, erkalata boshlabdi, lekin bola baqirib, qo‘l-oyoqlarini tipirchilatib qarshilik ko‘rsatibdi, erkalatish unga ma’qul kelmabdi shekilli. Qizcha kuchi boricha yig‘labdi, baqiribdi va nihoyat uxlab qolibdi, uxlaganda ham uning husniga tikilib, kishi to‘ymasmish! Vikingning xotini sevinganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi, quvonchdan terisiga sig‘may ketibdi, hademay erim ham o‘z drujinasi bilan manavi boladay qo‘qqisdan kelib qolsa-ya, deb o‘ylabdi. Qadrdon mehmonlarni munosib kutib olish uchun butun uyni oyoqqa turg‘azibdi. Devorlarga o‘zi va cho‘rilari to‘qigan gilamlarni ostiribdi, gilamlarga xudolardan Odin, Tor va Freylarning surati tushirilgan ekan. Qullar eski qalqonlarni tozalashibdi, ularni osishib, devorlarni bezashibdi; o‘rindiqlarga yumshoq yostiqlar qo‘yishibdi, eng katta yotoqxona o‘rtasidagi o‘choqqa gugurt chaqishi bilanoq lovillab yonib ketadigan quruq palyonlarni qalashibdi. Kechga yaqin vikingning xotini kunduzgi ishlardan horib-charchab dong qotib uxlab qolibdi.
Kun yoyilmasdan oldin, sahar paytida uyg‘onib nihoyatda qo‘rqib ketibdi: qizcha yo‘qmish! O‘rnidan sakrab turib chiroqni yoqib qarasa, o‘rinning chetida qizcha emas judayam katta, jirkanch bir baqa yotganmish. Viking xotini jirkanib qo‘liga eshikning vazmin temir boltini olib baqani o‘ldirmoqchi bo‘libdi, lekin baqa unga judayam g‘alati, qayg‘uli nazar tashlagan ekan, ayol urgani jur’at etolmabdi. Xotin yana atrofga nazar tashlabdi, baqa ingrab yuboribdi: shunda ayol o‘rindan nari ketib, deraza vazifasini o‘taydigan darcha eshigini ochib yuboribdi. Bu payt quyosh chiqib kelayotgan ekan; uning nurlari ko‘rpaga va baqaga tushibdi… O‘sha zahotiyoq dahshatli, ulkan baqaning og‘izlari yumilib kichrayibdi, chiroyli og‘izchaga aylanibdi, tanasi tortishib, boshqa qiyofaga kiribdi – viking xotini qarshisida go‘zal qizchasi namoyon bo‘libdi, baqadan asar ham qolmabdi.
– Bu nima o‘zi? – debdi vikingning xotini. – Yomon tush ko‘rdimmikin-a? Bu yerda bolajonim yotibdi-ku! – U qizchani bag‘riga bosibdi, yuz-ko‘zlaridan o‘pibdi, lekin qizaloq xuddi yovvoyi mushukday tipirchilab tishlab olaveribdi.
Viking o‘sha kuni ham, ertasiga ham qaytmabdi, u yo‘lda kelayotgan ekan. Laylaklarning uchishiga yordam berayotgan hamroh shamol uning yo‘liga g‘ov bo‘libdi, laylaklar janubga uchayotgan ekan-da. Ha, ba’zilarga shamol hamroh bo‘lsa, boshqalarga g‘ov bo‘ladi!
Oradan bir necha kun o‘tibdi, ayol qizchani yovuz jodu ezayotganini payqab qolibdi. Kunduzi qizcha elf singari chiroyli, bejirim bo‘larmish. Lekin fe’li yomon, beboshroqmish, kechasi esa jirkanch baqaga aylanarmish, ammo uning boqishlari ma’sum, qayg‘uli emish. Qizchada ikkita fe’l-atvor mujassamlangandaymish: kunduz kuni laylak viking xotiniga tashlab ketgan bolaga, shundoqqina Misr malikasi bo‘lmish onasiga o‘xsharmish, fe’li bo‘lsa otasinikaga o‘xsharmish; kechasi aksincha, tashqi qiyofasi otasiga o‘xshab, ko‘zlarida onasining ruhi va qalbi charaqlab turarmish. Ana shu yovuz jodudan qizni kim xalos qila oladi? Vikingning xotini g‘am-hasratda, vahimada qolibdi, harholda bu sho‘rlikka tobora mehri ortaveribdi. Bolani sehr o‘rab olgani haqida eriga hech nima demaslikka jazm etibdi: eri o‘sha zamoning rasm-rusmiga ko‘ra bechora bolani kim xohlasa olib ketaveradigan serqatnov yo‘lga chiqarib tashlashga amr qilishi mumkin ekan-da. Vikingning xotini bolaga achinibdi, u shunday yo‘l tutibdiki, qizchani eriga faqat kunduz kuni ko‘rsatibdi.
Kunlarning birida, tong chog‘ida viking qasri ustida qushlarning qanot qoqishi eshitilibdi – kunduzgi safardan horigan yuz juft laylak kechasi tomda hordiq chiqarishgan ekan, endi ular uzoq safarga jo‘nash uchun osmonga ko‘tarilishibdi.
– Erkaklar shay! – deb qichqirishibdi ular. – Ayollar bilan bolalar ham tayyor!
– Naqadar yengilmiz! – deyishibdi yosh laylaklar. – Xuddi tirik baqalar to‘ldirilganday ich-ichimizning qitig‘i kelyapti! Chet mamlakatlarga uchyapmiz! Qanday baxt!
– Galadan qolmanglar! – debdi ularga ota va onalari. – Ko‘p vaysaqilik qilavermanglar, ko‘krakka ziyoni bor!
Shunday qilib hamma laylaklar uchib ketibdi.
Xuddi shu lahzada cho‘l ustida burg‘u ovozi yangrabdi: viking navkarlari bilan qirg‘oqqa yaqinlashibdi. Ular Britaniyadagi xalq dahshatga tushib: «Ey xudo, bizni yovvoyi normalardan o‘zing asra!» deb ibodat qiladigan Galli sohillaridan juda katta o‘lja bilan qaytishibdi.
Vikingning qasrida xursandchilik boshlanibdi. Katta yotoqxonaga asal to‘la bochkani dumalatib keltirishibdi; gulxan lovillabdi, otlar so‘yishibdi, dovrug‘i olamga taraladigan ziyofatga hozirlik boshlanibdi. Bosh kohin issiq ot qonlarini qullarga sochibdi. Quruq o‘tin charsillab yonibdi, tutun shiftga o‘rlabdi, uy to‘sinlaridan ziyofatda o‘tirganlarning ustiga mayda qurumlar yog‘ilibdi, lekin bunga ular ko‘nikib qolishgan ekan. Mehmonlarga katta tuhfalar berilibdi; janjallar, xiyonatkorliklarning hammasi unutilibdi; asallar daryo bo‘lib oqibdi; ichib mast bo‘lib qolganlar kayfichog‘lik alomati sifatida bir-birlariga go‘shti yeb olingan suyaklarni ota boshlashibdi. Bizning xonanda va sozandamizga o‘xshagan, shuning bilan birga urushlarda qatnashgan jangchi bo‘lmish skald nima haqda kuylayotganini bilgani holda erishilgan ajoyib zafarlar to‘g‘risida qo‘shiqlar aytibdi. Har bir she’r: «Molmulk, qarindosh-urug‘, do‘stlar, kishining o‘zi – hammasi o‘tkinchi, hammasi o‘ladi; faqat yaxshi nom o‘lmaydi!» degan naqorat bilan aytilibdi. So‘ng hammalari qalqonlarni mushtlashibdi, pichoq yoki go‘shtsiz suyak bilan stolni urib taqillata boshlashibdi, osmon shovqin-suronga to‘libdi. Vikingning xotini to‘rda egniga ipakli ko‘ylak kiyib, yasanib-tusanib o‘tiribdi; qo‘llarida oltin bilaguzuk, bo‘yniga yirik-yirik donali qahrabo marjon taqibdi. Skald uning ham shuhratini ko‘klarga ko‘tarib kuylashni esidan chiqarmabdi. Eriga farzand hadya etganini ham kuylabdi. Eri chiroyli qizchani ko‘rib judayam quvonibdi, chunki u qizchani kunduzi butun latofati bilan ko‘ribdi. Hatto uning yovvoyiligi ham juda yoqibdi. U, bu qizchadan o‘zini dadil turib himoya qiladigan jasur harbiy chiqadi, bordiyu, tajribali qo‘l o‘tkir qilich bilan hazillashib qalin qoshlarini qirganda ham miq etmaydi, ko‘zini yummaydi, debdi.
Bochkadagi asal tugabdi, yangisini olib kelishibdi, o‘sha zamonlarda asal ichishning havosini rosa olishgan ekan-da! To‘g‘ri: «Hayvon o‘tloqni qachon tark etib uyiga qaytishini biladi, bema’ni odam bo‘lsa o‘z me’yorini bilmaydi!» degan matalni o‘sha vaqtlarda ham bilishgan ekan. Buni har bir odam bilarkan-u, biroq bilish boshqa, bilganni qilish boshqa-da. Hammalari: «Bordiyu, me’yoridan ortiq o‘tirib qolsa, aziz mehmon ham me’daga tegadi», degan boshqa matalni ham bilisharkan: lekin o‘tirishaveribdi, axir go‘sht bilan asal ajoyib narsa-da! Xursandchilik nihoyasidan oshibdi. Kechasi qullar iliqqina qo‘rga cho‘zilishib, yog‘li qorakuyani titkilashib, barmoqlarini yalashibdi. Xo‘p yaxshi damlar ekan!
Xuddi o‘sha yili kuzgi bo‘ronlar quturayotganiga qaramay, viking yana safarga otlanibdi. U o‘z navkarlari bilan Britaniya sohillariga hujum qilmoqchi bo‘libdi, chunki u yer juda yaqin ekan-da. «Qo‘l uzatsak yetadi», debdi viking. Xotini jajji qizchasi bilan uyida qolaveribdi. Ko‘p o‘tmay ayolga ma’sum ko‘zli, oh-voh chekadigan badburush baqa erkalashga tishlash va tirnash bilan javob beradigan yovvoyi go‘zaldan ko‘ra ko‘proq yoqib qolibdi.
Xazonrezgilikni boshlagan, «kemshik bobo» nomini olgan oppoq kuz tumani o‘rmon va cho‘llarni qoplabdi. Patsiz qushchalar, ya’ni qor uchqunlari havoda o‘ynoqlab qolibdi, qish eshik qoqib kela boshlabdi. Chumchuqlar laylaklarning uyasiga kirib olishibdi va uya egalari haqida gurung boshlashibdi. Bu uyalarning egalari qayerda ekan-a, bizning laylak xotini va bola-chaqalari bilan qayerda ekan?
Laylaklar bizda yoz mavsumida quyosh qanday charaqlab nur sochsa, xuddi o‘shanday serquyosh Misrda bo‘lishibdi. U yerda tamarind va akatsiya daraxtlari gulga ko‘milgan ekan; ibodatxonalarning gumbazlarida yarim oylar charaqlab turganmish; adl minoralarga uzoq safardan horib-charchab kelgan laylaklar qo‘nib olishibdi. Ularning uyalari hashamatli ustunlar va tashlandiq ibodatxonalarning yarim vayrona gumbazlariga qator qurilibdi. Xurmo daraxtlari soyabonsimon uchlarini osmon-u falakka ko‘tarib turganmish. Ildam oyoq tuyaqushlar chopqillab