Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз ДиккенсЧитать онлайн книгу.
yanglishib don omboriga qamab qo‘yilgan och cho‘chqa misoli huzur-halovatda his etmayotgan edi chog‘i.
Ana endi kamina Oliver tarixining eng muhim lavhasini ta’riflashga o‘tadilar, zero, kaminaning oldilarida, garchand tagi puch hamda ahamiyatsiz ko‘rinsa-da, bolaning butun ishlari-yu istiqboldagi umid-orzularini tubdan o‘zgartirib yuboradigan voqeani so‘zlab bermoq vazifasi turibdi.
Kunlardan bir kuni Oliver bilan Noe odatdagidek tushlik paytida qo‘y etidan tanovul qilgani pastga – oshxonaga tushishdi, bu eng Xudo urgan, bir yarim funt keladigan et parchasi edi. Ayni paytda, Sharlottni oshxonadan chaqirib qolishgan edi, och, jahli chiqib turgan Noe Kleypol bu qisqagina muddatdan foydalanib, kichkina Oliver Tvistning jig‘iga tegib, unga azob berib, huzurlanishga ahd qildi.
Noe o‘zi o‘ylagan ana shu jo‘ngina ermakni boshlash xayolida oyog‘ini dasturxon yozig‘liq stolga qo‘yib, Oliverning sochidan tortdi, qulog‘ini cho‘zg‘iladi va unga, «yaltoq, xushomadgo‘ysan», dedi; keyin qachon bo‘lmasin bir kun kelib uni dorga tortishlarini ko‘rib, lazzatlanish istagi borligini aytdi, yana tag‘in yetimxonadan chiqqan o‘taketgan yovuz niyat hamda buzuqi boladangina kutish mumkin bo‘lgan achchiq-tizziq, qo‘lansa gaplarni qatorlashtirib tashladi. Biroq bu masxaralashlaridan birontasi kutgan mo‘ljaliga tegmagach – Oliverni yig‘lata olmagach – Noe yanada zaharroq gaplar bilan achitishga urinib, o‘zidan ko‘ra ancha-muncha ko‘proq dong taratgan pastkash askiyabozlar birovning ustidan kulishni istaganlarida to hozirgi kungacha qo‘llab keladigan usulga o‘tdi. U shaxsiyatga tega boshladi.
– Qavm ko‘ppakvachchasi, – dedi Noe, – onangning ahvoli qalay?
– U o‘lgan, – javob berdi Oliver. – U to‘g‘risida gapirmang.
Shunday derkan, Oliver qizarib ketdi, entikib-entikib nafas olib, labi va burun kataklari g‘alati bir tarzda pirpirab ucha boshladi, ana shu alomatlar mister Kleypolning fikricha shaksiz ho‘ngrab yig‘lab yuborishning dalolati edi. Xuddi ana shunday o‘y taassurotida bo‘lgan Noe yana ishga kirishdi.
– Nimadan o‘lgan u, qavm ko‘ppakvachchasi? – so‘radi Noe.
– Qari enagalarning aytishicha, yuragi yorilishidan, – dedi Oliver Noening savoliga javob qayta rishdan ko‘ra ko‘proq ovoz chiqarib o‘ylayotgan bir qiyofada. – Nazarimda, yuragi yorilib o‘lish qanaqa bo‘lishiga aqlim yetib turibdi!
– Voy seni qara-yu, qavm ko‘ppakvachchasi! – xitob qildi Noe Oliverning yonoqlaridan yosh yumalarkan. – Nima ko‘zingdan yosh chiqarib yubordi?
– Yosh chiqargan siz emas, – javob berdi Oliver shosha-pisha yoshlarini artib. – Gerdaymay qo‘ya qoling!
– Hali shunaqami, menmasmi? – jig‘iga tegdi Noe.
– Shunaqa, siz emas! – ters javob qildi Oliver. – Endi bo‘ldi. Oyimlar to‘g‘risida og‘zingizni ocha ko‘rmang. Yaxshisi, butunlay gapirmang!
– Yaxshisi, butunlay gapirmangmish-a! – deya hayqirdi Noe. – Hali shunaqami! Yaxshisi, butunlay gapirmang, de! Voy qavm ko‘ppakvachchasi-yey, juda surbet ekansan-ku! Onangmi, juda qoyil xotin bo‘lgan ekan-da, nimasini aytasan! Yo Tangrim-a! Shunda Noe ma’nodor qilib bosh irg‘ab qo‘ydi-da, mittigina qip-qizil burnini jiyirdi.
– Bilasanmi, qavm ko‘ppakchasi, – Oliverning indamay turishidan dadillanib, masxaraomuz, yasama hamdardlik ohangida gapira boshladi, – hozir buni tuzatib bo‘lmasligini bilasanmi o‘zing, ey qavm ko‘ppakvachchasi, keyin o‘sha paytdayam sen yordam berolmasding baribir, bundan judayam xafaman-da. Turgan gap, hammamiz xafamiz, senga judayam achinamiz. Lekin sen, qavm ko‘ppakvachchasi, onang g‘irt fohisha bo‘lganini bilishing kerak-ku, axir.
– Nima dedingiz? – seskanib tushib, qaytarib so‘radi Oliver.
– G‘irt fohisha bo‘lgan, bildingmi, qavm ko‘ppakvachchasi, – deya takrorladi Noe sovuqqonlik bilan. – Innaykeyin, hoy qavm ko‘ppakvachchasi, o‘sha paytda o‘lib ketgani yaxshi bo‘lganini bilasanmi, yo‘qsa Brayduel16da og‘ir ishni bajarishiga yoki okean ortiga jo‘nashiga, yo dorda lapanglab yotishiga to‘g‘ri kelardi, hammasidan aniqrog‘i – oxirgisi bo‘lardiyov!
G‘azabdan qizarib-bo‘zargan Oliver sapchib turib, stol bilan stulni ag‘darib yubordi-yu, Noening bo‘g‘ziga chang solib, uni shunday silkidiki, askiyabozning tishlari taraklab ketdi, keyin bor kuchini mushtiga to‘plab, bir tushirishda oyog‘ini osmondan keltirdi-qo‘ydi.
Bir soniyagina muqaddam mazkur bolakay yuvosh, mo‘mintoy, urib-so‘kishlar ezib qo‘ygan bir g‘arib-u bechoraday tuyulardi. Biroq uning ruhi-kayfiyati nihoyat junbishga keldi: marhuma onasi sha’niga aytilgan achchiq haqoratlar uning qonini qizdirib yubordi. Ko‘ksi yuqori ko‘tarildi; butun gavdasini rostladi; ko‘zlari yonardi; oyoqlari ostida g‘ujanak bo‘lib yotgan qo‘rqoq sitamgari tepasida ko‘zlari g‘azab-la chaqnab, shu tobgacha ayon bermagan qat’iyat-la olishuvga chorlab turar ekan, u butunlay o‘zgarib qolgandi.
– Meni o‘ldirib qo‘yadi bu! – deya bo‘kirdi Noe. – Hoy, Sharlott! Bekajon! Yangi shogird meni o‘ldirmoqchi! Yordam beringlar! Yordam beringlar! Oliver jinni bo‘p qoldi! Hoy,Sharlott!
Noening faryodiga javoban Sharlott dod soldi, missis Sauyerberi undan ham balandroq bo‘kirdi; qiz oshxonaga biqin eshikdan otilib kirdi, beka bo‘lsa toki pastga tushsa inson hayotiga zarracha xavf tahdid solmayotganiga ishonch hosil qilmagunicha zinada turib qoldi.
– Voy yaramas! – chiyilladi Sharlott taxminan o‘zini yaxshi tarbiyat qilgan baquvvat erkakning quvvatiga teng keladigan bor kuchini to‘plab, Oliverga yopishgancha. – Voy nonko‘r jinqarcha-yey, qon-n-xo‘r, jirkanch yaramas-ey!
Har bo‘g‘in-u har so‘z orasida Sharlott Oliverga jon-jahdi-la musht tushirar, butun jamoatga huzur baxsh etib, har urganida chiyillab qo‘yardi.
Sharlottning mushti xiyla zalvorli edi, ammo quturib ketgan Oliverni yuvoshlantirish uchun mushtning o‘zi kamlik qilmasa edi degan xavfda missis Sauyerberi oshxonaga otilib tushdi-yu, bir qo‘li bilan Oliverni ushlab, ikkinchisi bilan uning aftini yumdalagancha, Noening o‘zini o‘nglab olishiga yordamlashdi. Ishning o‘z foydasiga ko‘chganini ko‘rib, Noe yerdan turdi-da, Oliverning kuragiga mushtlay ketdi.
Bunday g‘ayrat-u shijoat ko‘rsatishda ushbu mashg‘ulot ko‘pga bormasdiyov. Darhaqiqat, ular kuchdan tolib, do‘pposlash va yumdalashdan charchab, hadeb baqirib-chaqirib yulqinayotgan, lekin tirnoqcha hayiqmagan Oliverni surgab borib, qaznoqqa qamashdi. Bu ish tugagach, missis Sauyerberi o‘zini kresloga tashladi-yu, yig‘lab yubordi.
– Voy xudoyim-a, o‘lib qoladi beka! – xitob qildi Sharlott. – Noe, jonginam, bir stakan suv bering! Tezroq!
– O‘, Sharlott! – dedi missis Sauyerberi havo yetishmayotgani, Noe boshi va kiftidan muzdek suv quyib yuborganiga qaramay dona-dona qilib gapirishga tirishib. – O‘, Sharlott, baxtimizdan o‘rgilayki, hammamizni yotgan joyimizda bo‘g‘izlab tashlamaganini ayting-a!
– Bo‘lmasam-chi! Bu – baxtimiz, missis, – tasdiqladi unisi. – Ishonamanki, bu xo‘jayinga saboq bo‘ladi, bundan buyon tug‘ilganidayoq peshonasiga qotillig-u talonchilik bitilgan bunaqangi razil nusxalarni ishga olmaydigan bo‘ladi. Bechora Noe! Men kirib kelganimda, missis, uning joni uzilay-uzilay deb qolgan ekan-a.
– Sho‘rlik! – dedi missis Sauyerberi unga achinib qaragancha.
Nimchasining tepadagi tugmasi taxminan Oliverning boshiga to‘g‘ri keladigan Noe, toki ayollar ana shunday hamdardona gaplarni aytar ekanlar, kaftlari bilan ko‘zlarini ishqagancha, ayanchli piqillab turdi, ko‘zidan zo‘rma-zo‘raki bir necha tomchi yosh chiqardi.
– Endi nima qildig-a! – xitob etdi missis Sauyerberi. – Xo‘jayin uyda emas, boz ustiga uyda biron erkak zoti yo‘q, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas anavi yaramas eshikni buzib chiqadi-ku bu yoqqa!
Oliverning hozirgina tilga olingan bir parchagina taxtani jon-jahdi bilan tepkilayotgani bamisoli bu taxminning nihoyat darajada rostga aylanishining dalolatiday tuyulardi.
– Voy
16
Brayduel – XVII asr solnomachilarining yozishicha, unda qamalib yotish «o‘limdan battar»ligi bilan mashhur bo‘lgan qadimiy axloq tuzatish qamoqxonasi. Bu qamoqxona 1864-yildagina buzib tashlangan.