Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз ДиккенсЧитать онлайн книгу.
turib, xonaning narigi burchagiga bordi-da, ko‘zani ko‘tarmoqchi bo‘lib engashdi. U orqasiga burilganida quticha allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.
Oliver yuz-qo‘lini yuvib, o‘zini tartibga keltirib, juhudning buyrug‘i bilan tosdagi suvni derazadan tashqariga sepib turgan ham ediki, kecha oqshom trubkasini buruqsitib o‘tirganida ko‘rgan epchil bolakayni ergashtirib Tullak kelib qoldi; mana endi o‘sha bolani Oliverga rasman Charli Beyts deb tanishtirdi. To‘rtovlon qahva, sur cho‘chqa soni hamda Tullak shlyapasiga solib keltirgan issiq kulcha bilan tuzalgan nonushta dasturxoni tevaragidan joy oldilar.
– Xo‘sh, – deya Tullakka murojaat etdi juhud, Oliverga ayyorona ko‘z qirini tashlab qo‘yar ekan, – ishonamanki, azizlarim, bugun ertalab jindakkina ter to‘kkan bo‘lsalaring kerag-a?
– Ancha-muncha deyavering, – deb javob qildi Tullak.
– Xuddi shaytonvachchalarday, – qo‘shib qo‘ydi Charli Beyts.
– Ajoyib bolalar, ajoyib yigitchalar! – so‘zini davom ettirdi juhud. – Qani, nima keltirding, Tullak?
– Ikkita kartmon, – javob berdi yosh jentlmen.
– Qistirmasi ham bormi? – sabrsizlik bilan surishtirdi juhud.
– Anchagina qappaygan, – javob qildi Tullak, bittasi yashil, boshqasi qizil ikkita kartmonni uzatarkan.
– Toshi bundan ko‘ra og‘irroq bo‘lishi ham mumkin edi, – deb qo‘ydi juhud, ularning ichidagi narsalarni diqqat bilan ko‘zdan o‘tkazib, – lekin o‘zi juda chiroyli va bejirim qilib ishlangan ekan… U yulduzni benarvon ura oladi, to‘g‘rimi, Oliver?
– U judayam mohir, ser, – dedi Oliver.
Shunda yosh Charli Beyts bu bo‘layotgan hangomalarda hech qanaqangi kulgili joyini ko‘rmayotgan Oliverni hayratda qoldirib, naq quloqni batang qilgudek qah-qah urib kulib yubordi.
– Xo‘sh, sen nima keltirding, azizim? – dedi Fedjin Charli Beytsga murojaat qilib.
– Artqich, – javob berdi yosh Beyts yonidan to‘rtta ro‘molchani chiqarib.
– Shunisiga ham shukr, – dedi juhud ro‘molchalarni diqqat-la ko‘zdan kechirayotib. – Chakkimas, ha, tuzukkina. Lekin bularning belgisini yomon choqlabsan, Charli, igna bilan belgisini so‘kib tashlashga to‘g‘ri keladi. Buni qanday qilishni Oliverga o‘rgatib qo‘yamiz… O‘rgatib qo‘yaylikmi, Oliver? Hi-hi hi!
– Bosh ustiga, ser, – javob berdi Oliver.
– Sen ham, azizim, xuddi Charli Beytsdaka ro‘molchani qoyillatishni xohlaysanmi?
– Judayam, ser, agar menga o‘rgatib qo‘ysangiz, – javob qildi Oliver.
Yosh Beyts bu javobni g‘oyatda kulgili topib, tag‘in xaxolab kulishga tushdi: bu xaxolash oqibatida oz bo‘lmasa ajalidan burun bo‘g‘ilib o‘lishiga bir bahya qoldi, zotan, u qahva ichayotgandi va nafas yo‘liga qahva o‘tib ketgandi.
– O‘ziyam hali ona suti og‘zidan ketmagan polapon ekan-da! – dedi Charli o‘zini o‘nglab olgach, beodobligi uchun uzr so‘rayotganday.
Tullak indamadi, faqat Oliverning sochini ko‘zini yopadigan qilib paypaslab titkiladi, keyin vaqti kelib esi kirib qoladi, deb qo‘ydi. Shunda keksa jentlmen Oliverning qandayin qizarib ketganini ko‘rib, suhbat mavzuyini o‘zgartirdi va ertalab qatlni tomosha qilgani ko‘p odam keldimi, deb so‘radi. Oliver beshbattar ajablandi, sababki, bolalarning javobidan har ikkovlari ham o‘sha yoqqa borishgani ayon bo‘ldi, shu boisdan u, turgan gapki, bularning shunchalik g‘ayrat bilan ishlashga qachon ulgura qolishganini tushunolmayotgan edi.
Nonushtadan so‘ng, stolni yig‘ishtirib bo‘lgach, quvnoq keksa jentlmen bilan ikkala bola qiziq hamda g‘aroyib bir o‘yinni boshlab yuborishdi: quvnoq keksa jentlmen shimining bir cho‘ntagiga tamakidonni, ikkinchisiga yondaftarchani, nimchasining kissasiga esa zanjiri bo‘yniga osig‘liq soatni solib, ko‘ylagiga soxta brilliant ko‘zli to‘g‘nog‘ich qadadi, keyin kamzulining hamma tugmalarini o‘tkazib, uning cho‘ntaklariga ko‘zoynak g‘ilofi bilan dastro‘molchasini joyladi-da, hassasini likillatib, kunning istalgan damida ko‘chada ko‘rish mumkin bo‘lgan yoshi o‘tinqiragan jentlmenlarga taqlid qilgan ko‘yi xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U dam o‘choq oldida, dam eshik yonida to‘xtab, o‘zini go‘yo do‘konlar peshtoqidagi yozuv, peshtaxtalardagi mollarni berilib ko‘zdan kechirayotgan qiyofaga solardi. Ayni chog‘da u o‘g‘rilardan xavfsiraganday bot-bot atrofga alanglab qo‘yar va hech nimasi yo‘qolmaganiga ishonch hosil qilayotganday, birma-bir hamma cho‘ntaklari ustidan shunchalik tabiiy hamda qiziq qilib urib-urib qo‘yardiki, buni ko‘rib Oliver ko‘zlaridan yosh chiqib ketguncha kuldi. Har ikkala bola ham undan ortda qolmay, izma-iz yurishar, u burilayotganida esa cholning nigohiga shunday chaqqonlik bilan chap berishardiki, bolalarning harakatini ilg‘amay qolardi. Nihoyat, Tullak cholning oyog‘ini bosib oldimi-yey yo tasodifan to‘qnashib ketdimi-yey, bilib bo‘lmadi, Charli Beyts ham orqalariga kelib urildi, shunda ular ko‘z ochib-yumgunchalik fursat o‘tmay, tang qolarli bir chaqqonlik bilan cholning tamakidoni, yondaftarchasi, zanjirli soat, to‘g‘nog‘ichi, dastro‘moli va hatto, ko‘zoynagi g‘ilofigacha – bittasini qo‘ymay shilib olishdi.
Mabodo, keksa jentlmen cho‘ntagiga kimningdir qo‘li kirganini sezib qolsa, qo‘l qaysi cho‘ntakda ekanini qichqirib aytardi, ana shunda o‘yin boshqatdan boshlanardi.
Bu o‘yinni bir necha marotaba takrorlashgach, bir payt yosh jentlmenlarni yo‘qlab ikki xonim kirib kelishdi; ulardan birining ismi Bet, boshqasiniki Nensi ekan. Qizlarning sochi nihoyatda paxmaygan, paypoqlari bilan boshmoqlari ham iflos. Darvoqe, ularni ko‘hlik deb bo‘lmasdi-yu, lekin ikki betlari qip-qizil, o‘zlari baquvvat hamda quvnoq ko‘rinishardi. O‘zlarini emin-erkin va sho‘x-shodon tutishayotganidan Oliver ularni, yaxshi qizlar ekan, degan qarorga keldi. Aslini olganda ham, shubhasiz, shundoq edi.
Bu mehmonlar uzoq o‘tirishdi. Viski ichishdi, negaki, yosh xonimlardan biri ich-ichimgacha muzlab ketyapman, deya zorlangan edi. Shundan keyin nihoyatda qizg‘in va ibratomuz suhbat boshlandi. Nihoyat, Charli Beyts, uning fikricha, oyoqning chigilini yozadigan fursat yetganini aytdi. Oliver, aftidan, bu birpas aylanaylik degani bo‘lsa kerak, deb o‘yladi, negaki, shu so‘zlardan keyinoq Tullak, Charlilar sarf-xarajatga mehribon keksa juhuddan choychaqa olishib, ikkala yosh xonim bilan birga chiqib ketishdi.
– Ana shunaqa gaplar, azizim, – dedi Fedjin. – Bunday yashash nash’u namoli-ya, to‘g‘rimasmi? Ular kun bo‘yi aylangani ketishdi.
– Ishlarini bitirib bo‘lishganmi, ser? – so‘radi Oliver.
– Barakalla, topding, – javob berdi juhud, – mabodo, sayr qilib yurishganida bironta yumush chiqib qolmasa; bordi-yu, shunday bo‘lsa, albatta shug‘ullanishadi u bilan, azizim, bunga shubha qilmasang ham bo‘ladi. Ana o‘shalardan o‘rnak olgin, bo‘talog‘im. O‘shalardan o‘rgan, – takrorladi u o‘z so‘zlari salmog‘ini oshirish niyatida kurakcha bilan o‘choq tubiga to‘q-to‘q urib qo‘yar ekan. – Ular nimaniki buyurishsa, jamini bajar, keyin, hamma ishda ularning maslahatiga quloq sol, azizim, ayniqsa Tullakning maslahatiga. U ulug‘ odam bo‘lib yetishadi, agar unga ergashsang, seni ham buyuk odam qilib yetishtiradi. Aytmoqchi, bo‘talog‘im, cho‘ntagimdan ro‘molcha chiqib qolmabdimi? – so‘rab qoldi juhud banogoh.
– Shunday, ser, – javob berdi Oliver.
– Ko‘ramiz, qani, uni menga bildirmay ololarmikansan? Ertalab o‘ynayotganimizda ular buni qanday qilishganini o‘zing ko‘rding-ku.
Oliver boya ko‘zi oldida Tullak qilganday bitta qo‘li bilan cho‘ntakning pastidan ushlab, ikkinchisi bilan dastro‘molni sekin sug‘urib oldi, – Tayyormi? – xitob qildi juhud.
– Mana, ser! – dedi Oliver dastro‘molni ko‘rsatib.
– Epchil bola ekansan, azizim, – dedi keksa jentlmen Oliverning boshini silab. – Bunaqangi o‘tkir bolani sira ko‘rmaganman. Agar xuddi shundoq zaylda davom ettiradigan bo‘lsang, dunyoda eng ulug‘