Эротические рассказы

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз ДиккенсЧитать онлайн книгу.

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс


Скачать книгу
qildi.

      – Lekin zahar solishni xayol qilib o‘tirmasinlar-a, – dedi u shlyapasini stolga qo‘yar ekan.

      Bu gap hazil tariqasida aytilgan edi, ammo u juhudning darg‘azab chimirilib, qoni qochgan labini tishlagancha bufetga qarab o‘girilib olganini ko‘rganida bormi, ehtimol, kallasiga, ehtiyotkorlik keksa quvnoq jentlmen uchun ham ortiqchalik qilmaydi, har qalay, ichimlik quvvatini oshiraman, deb yanglishib ketishi ham mumkin-ku, degan o‘y kelarmidi?

      Mister Sayks ikki-uch qadah otib olgach, yosh jentlmenlarga e’tibor qilishdek iltifot ko‘rsatdilar; u kishi tomonlaridan ko‘rsatilgan iltifot shunday suhbatga olib keldikim, oqibatda Oliverning qo‘lga tushishining barcha sabab-u tafsilotlari – faqat Tullak mazkur sharoitda zarur va o‘rinli deb sanagan ba’zi qo‘shib-chatishlar-u o‘zgartirishlar bilan, bittama-bitta, batafsil bayon qilindi.

      – Ishqilib, og‘zidan biron nimani gullab qo‘yib, falokat orttirib o‘tirmasin, deb cho‘chiyapman-da… – dedi juhud.

      – Har balo bo‘lishi mumkin, – javob berdi Sayks zaharxanda tirjayib. – Sizni sotishlari turgan gap, Fedjin.

      – Keyin, yana shundan cho‘chib turibmanki, bilsangiz, – so‘zini davom ettirdi juhud gapini bo‘lganlariga e’tibor bermayotganday va ayni paytda suhbatdoshidan ko‘zini uzmay, – shundan cho‘chiymanki, agar ishimiz orqaga ketadigan bo‘lsa, unda boshqa ba’zi birovlar ham chetda qolmas, o‘zlariga esa, chamamda, mendan ko‘rayam chatoqroq bo‘lsa ajab emas, azizim.

      Barvasta yigit bir seskanib tushib, shartta juhud tomon o‘girildi. Shunda keksa jentlmen kiftlarini naq quloqlarigacha uchirib qo‘ydi, ko‘zlari bo‘lsa qarshi tomondagi devorga parishonhol tikilgandi.

      Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Aftidan, bu e’tiborli shirkatning har qaysi a’zosi o‘z o‘y-xayollariga cho‘mgandi, go‘yo it ham bundan mustasno emasday, xuddi ko‘chaga chiqqanida dastlab uchraydigan jentlmen yoki xonimning oyog‘iga tashlanishi ustida bosh qotirayotganday badxohlik bilan yalanib-tamshanardi.

      – Birov borib, u yoqda, sudyaning xonasida nima bo‘lganini bilib kelishi kerak, – dedi mister Sayks xiyla bosiq ohangda.

      Juhud, ma’qul, deganday bosh irg‘ab qo‘ydi.

      – Agar u sotmagan va turmaga tushgan bo‘lsa, to uni qo‘yib yuborgunlaricha qo‘rqadigan joyi yo‘q, – dedi mister Sayks, – keyin esa uni ko‘zdan qochirmaslik kerak. Siz uni bir amallab yana qo‘lga olishingiz zarur.

      Juhud yana bosh irg‘adi.

      Bunday harakat qilish rejasi oqilona edi-yu, lekin baxtga qarshi, bitta g‘oyatda jiddiy vaj monelik qilib turardi. Gap shundaki, Tullak ham, Charli Beyts ham, Fedjin-u mister Bill Sayks ham, har qanday asos-u har qanday bahonalari bo‘lgan taqdirda ham, politsiya mahkamasi atrofida o‘ralashishni jin-jinlaridan xushlamasdilar.

      Bundayin ko‘ngilsiz holatda, bir-birovlariga tikilgan ko‘yi yana qancha o‘tirishlari mumkinligini aytish mahol edi. Darvoqe, biror taxmin-u chama qilib o‘tirish zaruriyati ham qolmadi, negaki, to‘satdan Oliver ilgari ko‘rgan ikki navqiron xonimchalar kirib kelishdi-yu, suhbatga jon kirdi-qo‘ydi.

      – Mana, o‘zi yetkazdi bizga kerak odamni! – dedi juhud. – Bet boradi. Borasan-a, qizalog‘im?

      – Qayoqqa? – surishtirdi yosh xonim.

      – Bor-yo‘g‘i, shu, politsiya mahkamasiga, xolos, azizim, – dedi juhud yaltoqlanib.

      Yosh xonimga tan berish kerak: u to‘g‘ridan-to‘g‘ri bormayman, deb shartta aytmadi-yu, biroq «u yoqqa borgandan ko‘ra baloginaga yo‘liqib qo‘ya qolgani» yaxshi ekanligini ayon qildi kuyib-pishib. Bu xushmuomalalik bilan, muloyimgina qilib gapni chalg‘itish yosh xonimning o‘z yaqinlarini betgachoparlik va shartakilik bilan ranjitishga yo‘l qo‘ymaydigan chinakam boodob qiz ekanining dalolati edi.

      Juhudning afti cho‘zilib ketganday bo‘ldi. U, bashang deb bo‘lmasa hamki, rang-barang qilib – qizil ko‘ylak, yashil tufli, sariq papilyotka25 – kiyingan bu navqiron xonimdan yuzini burib, boshqasiga murojaat etdi:

      – Nensi, qizginam, – xushomad qildi qizga, – sen nima deysan?

      – Bunday qilish yaramaydi, deyman, shundoq bo‘lgach, majbur qilishning hojati yo‘q, Fedjin, – javob berdi Nensi.

      – Bu bilan nima demoqchisan? – gapga aralashdi mister Sayks qizga xo‘mrayib qararkan.

      – Hozir aytganimni, Bill, – javob qildi xonimcha sovuqqonlik bilan.

      – Hammadan ko‘proq sen bopsan-ku bunga, – dedi mister Sayks. – U yerda sen to‘g‘ringda hech kim hech nima bilmaydi.

      – Shuning uchun ham hech nima bilmay qo‘ya qolishsin, deyman-da, – dedi Nensi boyagiday bosiqlik bilan, – shuning uchun «xo‘p» demay, «yo‘q» deganday qilyapman-da, Bill.

      – Boradi u, Fedjin, – dedi Sayks.

      – Yo‘q, u bormaydi, Fedjin, – dedi Nensi.

      – Boradi u, Fedjin, – takrorladi Sayks.

      Mister Sayks yanglishmagan edi. Do‘q-po‘pisa, va’da-yu xayr-sadaqalar yordamida nomi zikr etilgan xonimchani oxir-pirovardida bu vazifani ado etishni o‘z zimmasiga olishga majbur qildilar. Darhaqiqat, jonajon dugonasiga monelik qilib turgan mulohazalar unga xalal berolmasdi: chekkaroqdagi, biroq Retklif katta yo‘li26 yaqinidagi aslzodalar dahasidan Fild-Leynga yaqinginada ko‘chib kelgani sababli behisob tanish-bilishlaridan birortasi ko‘rib qolishidan xavotir qilmasa ham bo‘lardi.

      Axiyri, ko‘ylagi ustidan oppoq, chinniday peshband tutib, papilyotkasini poxol shlyapa ostiga yashirgan – bu buyumlar juhudning bitmas-tuganmas bisotidan tanlab olingandi – miss Nensi topshiriqni bajarishga otlandi.

      – Birpasgina shoshma, qizginam, – dedi juhud unga qopqoqli savatni uzatarkan. – Buni ko‘tarib ol. Ma’sumaroq ko‘rsatadi seni.

      – Fedjin, uyning kalitini ham bering unga, qo‘lida ko‘tarib olsin, – dedi Sayks. – Bu yanayam tabiiy va ishonchliroq ko‘rinadi.

      – Haq gap, azizim, – dedi juhud kattakon eshik kalitini yosh xonimning o‘ng qo‘lining shahodat barmog‘iga ilib qo‘yarkan. – Mana mundoq! Qoyil! Juda antiqa bo‘ldi, qizalog‘im! – dedi u qo‘llarini bir-biriga ishqab.

      – Voy ukajonim-a! Zig‘irchayam gunohi yo‘q, farishtadekkina, sho‘rlik ukajonginam-a! – obidiyda qilardi Nensi ko‘ziga yosh olib, alamidan savat bilan kalitni g‘ijimlagan bo‘lib. – Ahvoli nima kechdiykin? Qayoqlarga olib ketishdi uni? Voy, rahmlaring kelsin menga, jentlmenlar, bola sho‘rlikni nima qilganlarini aytinglar, iltijo qilaman sizlardan, jentlmenlar!

      Miss Nensi tinglovchilarni benihoya qoyil qoldirib, nihoyatda mungli, yurakni ezadigan hazin tovush bilan shu so‘zlarni aytdi-da, keyin jim bo‘lib, butun jamoatga ko‘z qisib qo‘yib, iljaygancha chiqib ketdi.

      – Eh, azizlarim, qanday oqila qiz-a! – xitob qildi juhud yosh do‘stlariga o‘girilib, go‘yo hozirgina ko‘rganlaring ajoyib qizdan ibrat olinglar, deganday g‘olibona bir qiyofada.

      – U o‘z jinsi toifasiga shon-sharaf keltiryapti, – deya gap qistirdi mister Sayks qadahini to‘latib, gurziday mushti bilan stolga bir tushirarkan. – Uning sog‘lig‘iga ko‘taraman va barcha xotinlarning unga o‘xshashini tilayman!

      Muhtarama Nensining sha’niga ushbu madhiyalar yog‘ilayotgan bir paytda bu navqiron xonim politsiya mahkamasi sari shoshilib borardi, ko‘chako‘ydan hamrohsiz yolg‘iz o‘zi borayotgani sababli ko‘nglida hadik tug‘ilganiga qaramay, hash-pash deguncha u yerga eson-omon yetib ham keldi.

      U orqa eshikdan kirib borib, qo‘lidagi kalit bilan kameralardan birining eshigini astagina taqillatib, quloq solib turdi. Ichkaridan tiq etgan tovush eshitilmadi; shunda u bir yo‘talib oldi-da, tag‘in quloq sola boshladi. Javob bo‘lmadi, shundan keyin tilga kirdi.

      – Noli,


Скачать книгу

<p>25</p>

Papilyotka – sochni jingalak qilish uchun ishlatiladigan qog‘oz. (Tarj.)

<p>26</p>

Retklif katta yo‘li – Londonning ulkan doklaridan shimol tomonda joylashgan ishchilar dahasidagi uzundan-uzun ko‘cha qadimda shunday atalgan.

Яндекс.Метрика