Эротические рассказы

Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль ВернЧитать онлайн книгу.

Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн


Скачать книгу
bo‘lishga haqqim borligini tushundingizmi?

      Men endi tamomila ongli ravishda jim turaverdim. Har qanday o‘rinli dalillaringiz ham kuchli zarba bilan yakson bo‘lgandan keyin bu masalada bahslashib o‘tirishning nima hojati bor?

      – Men uzoq vaqt ikkilandim, – deya so‘zini davom ettirdi kapitan. – Mening sizlarga nisbatan mehmondo‘stlik qilishim uchun zimmamda hech qanday majburiyat yo‘q edi. Agar maqsadim sizlardan qutulish bo‘lganida, yana bir marta uchrashib o‘tirishimning hojati ham yo‘q edi. Men sizlarni qaytarib kema ustiga chiqarib qo‘yib, dengizga sho‘ng‘irdim va… bir vaqtlar sizlarning bo‘lganlaringizni ham unutishim mumkin edi. Yo shunday qilishga haqqim yo‘qmidi?

      – Bu madaniy odamning emas, yovvoyining ishi bo‘lar edi, – deb javob berdim men.

      – Janob professor, – shu zahoti e’tiroz bildirdi kapitan, – men sizning «madaniy odamning ishi» deb nimani ko‘zda tutishingizni bilmayman. Men ma’lum sabablarga ko‘ra, jamiyat bilan aloqamni uzdim va buning tub mohiyatini mulohaza qilishga yolg‘iz o‘zimnigina haqli deb bilaman. Men o‘sha jamiyat qonunlariga bo‘ysunmayman va bundan keyin huzurimda ular haqida sira eslatmasligingizni maslahat beraman.

      Bu gap juda keskin qilib aytildi. Noma’lum ki shining ko‘zlari qahr va g‘azab bilan yonardi. Mening xayolimga, «bu odamning o‘tmishida allaqanday dahshatli sir bor», degan fikr keldi. Axir u bekordan bekorga o‘zini insonlar qonunidan baland qo‘yib, odam qadami yetmaydigan joyga ketmaganku. Hatto suv sathidayoq o‘zi bilan kurashmoqchi bo‘lganlarni osonlik bilan bartaraf eta olgach, dengiz qa’rida uni quvishga kim jur’at eta olar edi. Uning suvosti monitoriga32 qaysi kema bardosh bera olardi? Uning kemasining dahshatli tumshug‘i zarbiga chiday oladigan zirh bormi? Bu suv hukmdorining xatti-harakatlarini tergashga dunyoda hech kimning kuchi yetmaydi.

      Bu g‘alati odam o‘z o‘ylari bilan bo‘lib, kayuta bo‘ylab yurayotganida, tezlik bilan shu fikrlar xayolimdan o‘tdi.

      Men unga qiziqish va qo‘rquv aralash tuyg‘u bilan qarab turardim.

      Uzoq jimlikdan so‘ng kapitan yana so‘zini davom ettirdi.

      – Shunday qilib, men ikkilandim, – deya davom etdi u, – ammo nihoyat tabiiy rahm-shafqatni – bunga har bir tirik jon haqli – mening manfaatlarim bilan qo‘shib amalga oshiraversa ham bo‘ladi-ku, degan xulosaga keldim. Tasodif sizlarni bu yerga olib kelgan ekan, mening kemamda qolaverasizlar. Sizlar erkin yurasizlar va shunisi borki, bu juda nisbiy erkinlik evaziga sizlarning oldilaringizga birgina shart qo‘yaman. Sizlar bunga bo‘ysunamiz deb bergan va’dangiz men uchun kifoya.

      – Ayting, kapitan, – men javob berdim. – Shartingizni har bir vijdonli odam qabul qilaversa bo‘ladigan deb ishonaman, albatta.

      – Shubhasiz! Mana u, eshiting: ehtimol, ba’zi ko‘zda tutilmagan sharoitlarga ko‘ra, sizlarni ba’zan soatlab, balki kunlab – buni oldindan aytish qiyin – qamab qo‘yishga majbur bo‘larman. Har qanday sharoitda ham men zo‘ravonlik tomoniga o‘tishni istamayman, shuning uchun bunday hollarda so‘zsiz bo‘ysunish haqida bergan va’dalaringizga ishonch hosil qilishim kerak. Men bunday taklifni sizga aytish bilan birga ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklar uchun javobgarlikni sizlardan tamoman soqit etaman, chunki sizlar bilishingiz man etilgan narsani hatto ko‘rolmaysizlar ham. Shartimni qabul qilasizlarmi?

      Demak, suvosti kemasida jamiyat qonunlari bilan aloqasini uzmagan kishilar ko‘rishi lozim bo‘lmagan voqealar ham ro‘y berib turar ekan-da. Kelajak menga hozirlagan barcha tasodiflarning eng noxushlaridan biri shu desam yanglishmayman.

      – Qabul qilamiz, – deb javob berdim men. – Faqat… ruxsat etsangiz, bitta savolim bor edi, kapitan?

      – Marhamat.

      – Siz kemangizda bizni erkin yura olasiz, dedingiz, shundaymi?

      – Ha, mutlaqo erkin yura olasizlar.

      – Buni qanday tushunsa bo‘ladi, aytib bera olmaysizmi?

      – Sizlar kemada bemalol yurishingiz, u yerda bo‘layotgan hamma narsalarni, ayrimlaridan tashqari, ko‘rishlaringiz, kuzatishlaringiz, qisqasi, xuddi men va hamrohlarim foydalanayotgan erkinlikka erishishingiz mumkin.

      Biz bir-birimizni tushunmaganimiz aniq edi.

      – Kechirasiz, kapitan, – dedim men, – ammo bu erkinlik mahbusga turmada yurish uchun ruxsat beriladiganday gap-ku. Biz bu bilan qanoatlanib qololmaymiz.

      – Xuddi shu bilan qanoatlanib qolishlaringizga to‘g‘ri keladi.

      – Nima, biz vatanimiz, oilalarimiz, yor-birodarlarimiz oldiga qaytishdan abadiy voz kechishimiz kerakmi?

      – Ha. Ammo jamiyatingizda qonunlar deb atalgan va odamlar unga ko‘r-ko‘rona ergashadigan jirkanch jabr-zulm mashaqqatlaridan voz kechish siz o‘ylagancha qiyin emas.

      – Menga qolsa, – xitob qildi Ned Lend, – bu yerdan qochishga intilmayman deb hech qachon va’da bermayman.

      – Men sizdan buni so‘ramayman ham, Lend,loqaydlik bilan javob berdi kapitan.

      – Kapitan, – deb baqirib yubordim men o‘zimni to‘xtata olmay, – hukmronligingizni suiiste’mol qilyapsiz! Bu – shafqatsizlik!

      – Yo‘q, janoblar, bu – yumshoq ko‘ngillik! Sizlar jangdan keyin menga asir tushdingizlar. Men sizlarga hayot in’om etyapman, vaholanki, okeanga uloqtirib tashlashim ham mumkin edi. Sizlar menga hujum qildingizlar! Sizlar biron kimsa bilishi mumkin bo‘lmagan sirdan – mening borligim to‘g‘risidagi sirdan voqif bo‘ldingizlar! Xo‘sh, mavjudligimni hech kim bilishi lozim bo‘lmagan quruqlikka qaytsak hech qanday qarshiliksiz qo‘yib yuboradi deb o‘ylaysizlarmi? Hech qachon! Sizlarni suvosti kemamda tutib turar ekanman, sizlarning manfaatlaringizni emas, shaxsan o‘zimnikini o‘ylayapman.

      Kapitan shunday ohangda gapirdiki, men uni fikridan qaytarish uchun urinish befoyda ekanligini tushundim.

      – Gapning qisqasi, kapitan, sodda qilib aytganda, bizga asirlik yo o‘limdan birini tanlashni tavsiya etyapsiz, shundaymi?

      – Juda to‘g‘ri.

      – Do‘stlarim, – deya Konsel va Ned Lendga murojaat etdim, – masalaning bu qo‘yilishida bahslashib o‘tirishimiz noo‘rin. Ammo shuni unutmanglar, oramizda bizni shu kema xo‘jayini bilan bog‘lab turadigan hech qanday va’da yo‘q.

      – Hech qanday, – tasdiqladi kapitan.

      Shundan so‘ng u so‘zini yumshoqroq ohangda davom ettirdi:

      – Endi yana bir-ikki og‘iz gapim bor. Men sizni bilaman, janob Aronaks. O‘rtoqlaringiz haqida bir nima deyolmayman-u, ammo shaxsan o‘zingiz men bilan yo‘liqtirgan tasodifdan xafa bo‘lmaysiz. Hamisha foydalanib yurgan kitoblarim orasida o‘zingizning dengiz tubining sirlari to‘g‘risidagi asaringizni ham topa olasiz. Men uni tez-tez o‘qib turaman. Siz o‘z kitobingizda yerda fan uchun mumkin bo‘lgan bilim darajasiga erishgansiz. Ammo ko‘p narsadan xabaringiz yo‘q, chunki kam narsa ko‘rgansiz. Sizni ishontirib aytamanki, bu yerda ketgan vaqtingizga achinmaysiz. Mo‘jizalar o‘lkasiga sayohat qilasiz. Ajablanish, dong qotib hayratlanish aqlingizning odatdagi holatiga aylanib qolishi mumkin. Ko‘zlaringiz oldida tinmay yangilanib turadigan manzaralar yaqin orada sizni zeriktirmasa kerak. Men butun dunyo bo‘ylab yangi suvosti sayohatiga chiqishga qaror qildim. Balki bu so‘nggisidir – kim biladi? Oldingi sayohatlardagi barcha kuzatuvlarimga yakun yasamoqchiman. Bu ishda siz menga yordam berasiz. Shu bugundan e’tiboran siz tamoman yangi dunyoga kirib borasiz. Siz hali biron kishi ko‘rmagan narsalarni ko‘rasiz, men hamda hamrohlarim bu hisobga kirmaydi va planetamiz sizga o‘zining so‘nggi sirlarini ochadi.

      Kapitanning so‘zlari menda g‘oyat katta taassurot qoldirganligini e’tirof etmay ilojim yo‘q. U tuyg‘ularimning eng nozik torini chertdi va men bir zumgina bu mo‘jizalarni kuzatish yo‘qotgan erkimning o‘rnini bosolmasligini unutdim.

      Biroq keyinchalik bu muhim masalaga yana bir karra qaytishni ko‘zlab, quyidagi javob bilan kifoyalana qoldim.

      – Kapitan,


Скачать книгу

<p>32</p>

Monitor – dengiz qirg‘oqlarini mudofaa qilish yoki qirg‘oq istehkomlariga hujum etish uchun moslashtirilgan zirhli harbiy kema

Яндекс.Метрика