Капитан Грант болалари. Жюль ВернЧитать онлайн книгу.
savannalar yoki Sibiriya cho‘llari singari o‘ziga xos geografik hodisadir. Pampaslarning iqlimi kontinental bo‘lganidan qishining sovuqroq va yozing issiqroq bo‘lishi bilan Buenos-Ayres viloyati iqlimidan farq qiladi. Pagenalning so‘ziga qaraganda, okean yozda emib olgan issiqni qishda sekin-asta yerga berar ekan. Ana shuning uchun materikning ichkari qismidagi iqlimga qaraganda orollar iqlimi mo‘tadilroq bo‘ladi74. Pampaslar g‘arbiy qismining iqlimi ana shuning uchun Atlantik okean sohillaridagi iqlimdan farq qiladi. Pampaslarning g‘arbiy qismida qishda qahraton sovuq, yozda jazirama issiq bo‘ladi, ob-havo keskin o‘zgarib turadi. Kuzda, ya’ni aprel va may oylarida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Lekin biz tasvir qilayotgan paytda havo quruq, kun nihoyatda issiq edi.
Tong paytida sayohatchilar oldindan yo‘nalishni aniqlab olib, yana yo‘lga tushdilar. Daraxt va butalarning ildizi bilan mahkamlangan yer tamomila qattiq bo‘lib qoldi. Medanoslar hosil qiladigan mayda qum tamom bo‘ldi, havoda to‘zg‘ib yurgan chang ham orqada qoldi.
Otlar baland o‘sgan o‘tlar orasidan dadil yurib borardilar. Hindular bu o‘tlar orasiga kirib momaqaldiroqdan yashirinadilar. Har zamonda majnun tollar va chuchuk suvli yer yaqinida o‘sadigan mahalliy Gynerium argenteum o‘simliklari o‘sib yotgan zaxkash pastliklar uchrab qolardi, lekin ular tobora kam uchray boshladi. Bunday pastliklarda suvni ko‘rishi bilan otlar paytdan foydalanib, go‘yo suv zaxira qilib olishga uringandek to‘yib suv ichib olardilar. Talkav atrofni ko‘zdan kechirib va juda xavfli zaharli ilon – xolinaslarni cho‘chitib, oldinda borar edi, bu xolinaslarning chaqishidan hatto buqalar bir soatga qolmay o‘ladi. Talkavning epchil oti xo‘jayinining orqasidan ketayotganlarga yo‘l ochib, qalin o‘sgan butalar ustidan sakrab-sakrab borardi.
Bu tekis qirlardan yurish qiyin emas edi, shuning uchun otryad tez ilgarilab bordi. Qir hech o‘zgarmasdi: yuz mil atrofda biror katta tosh u yoqda tursin, mayda shag‘al ham uchramasdi. Yurakni siqib yuboradigan darajadagi bunchalik bir xil manzara hech qayerda bo‘lmasa kerak! Hech kim hech narsa ko‘rmaydigan bu xildagi yo‘lda ham qiziqadigan biror narsa topa olish uchun Paganel singari shavq-zavqqa to‘lgan olim bo‘lish kerak. Uning diqqatini nima tortardi? U bu savolga javob berishga qiynalgan bo‘lardi. Uning diqqatini biror buta yo, ehtimolki, o‘t tortardi.
Ammo sergap olimning gapga tushib ketishi uchun o‘sha ham kifoya edi. Paganel darhol Robertga dars bera boshlar, bola ham unga jon deb quloq solardi.
29-oktabr kuni ham yo‘lovchilar ertalabdan kechgacha o‘sha bir xil manzarali qirdan yo‘l yurdilar. Kunduz soat ikkilarda chavandozlar oppoq oqarib ketgan uyum-uyum suyaklarni ko‘rdilar. Bu katta bir qoramol podasining qoldiqlari edi. Lekin suyaklar podadagi mollarning yo‘l-yo‘lakay holdan toyib yiqilib o‘lganini ko‘rsatmasdi, ya’ni har yer-har yerda sochilib yotmasdi. Shuning uchun kichkinagina bir maydonchada nima uchun shunchalik ko‘p hayvon skeletlari yig‘ilib qolganini hech kim aytib berolmasdi. Buning sababini hatto Paganel ham bilmasdi, shuning uchun u buni Talkavdan so‘radi. Olimning savoliga javob berish Talkavga qiyin emas edi shekilli, darhol allanarsa deb javob berdi.
Geografiya olimining: «Yo‘g‘-e!» deb qichqirib yuborishi va bunga Talkavning ishonch bilan bosh silkitib javob berishi sayohatchilarni ham juda qiziqtirdi.
‒ Nima ekan? – deb so‘radilar ular Paganeldan.
‒ Osmondan tushgan o‘t, – deb javob berdi geografiya olimi.
‒ Nima? Yashin shunchalik qirg‘in qilibdimi? – dedi Tom Ostin. – Besh yuz boshli qoramol podasini o‘ldirsa-ya!
‒ Talkav shunday deyapti, u yanglishmaydi. Uning izohiga men ishonaman, chunki pampaslarda momaqaldiroq juda dahshatli bo‘ladi. Ishqilib, biz ham uning qahriga uchramasak bo‘lgani!
‒ Kun juda isib ketdimi, – dedi Vilson.
‒ Termometr soyada o‘ttiz daraja issiqni ko‘rsatayotgan bo‘lishi kerak, – deb javob berdi Paganel.
‒ Bu meni ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan, – men a’zoyi badanimda elektr zaryadlari jimirlayotganini sezib turibman. Lekin bunday issiq uzoq davom etmasa kerak.
‒ Aksincha, – dedi Paganel, – ufqda qilt etgan tutun ham ko‘rinmagandan keyin havo o‘zgarar deb umid qilishga hech qanday asosimiz yo‘q.
‒ Ana shunisi yomon-da, – dedi Glenarvan, – otlarimiz jaziramada issiqlab ketdi. Sen-chi, o‘g‘lim, isib ketmayapsanmi? – deb so‘radi u Robertdan.
‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi bola, – men issiqni yaxshi ko‘raman. Issiq – yaxshi narsa!
– Ayniqsa qishda, – ma’nodor qilib gap qistirdi mayor sigarasini tutatib.
Kechqurun qamish tomli tashlandiq bir kulba – rancho yonida tunagani to‘xtashdi. Rancho oldida atrofi poyalar bilan to‘silgan bir ayvoncha bor edi, devorlari qiyshayib qolgan bo‘lsa ham, har holda, otlarni tulkilardan himoya qilishga yarardi. Bu ayyor yirtqichlar otlarning o‘ziga zarar yetkaza olmasa ham, no‘xtalarini g‘ajib ketadi, keyin otlar bundan foydalanib, qochib ketishi mumkin.
Ranchodan bir necha qadam narida bir chuqurcha bor edi, aftidan, u o‘choq edi, chunki ichida sovib qolgan kul ko‘rinib turardi. Ranchoning ichida kursilar, ho‘kiz terisidan qilingan so‘ri, kotelok, six va mate, ya’ni Janubiy Amerikada rasm bo‘lgan, choy o‘rnini bosadigan quruq o‘tni damlash uchun choynak bor edi. Uni ham boshqa ko‘pgina Amerika ichimliklari singari naycha bilan so‘rib ichadilar. Paganelning iltimosi bilan Talkav bir necha piyola mate hozirladi, sayohatchilarimiz odatdagi ovqatlarini mate ichib yedilar, bu ichimlik hammaga ham juda yoqib tushdi.
Ertasiga, 30-oktabr kuni quyosh issiq tuman orasidan nur sochib, yerni juda qizdirib yubordi. Shu kuni havo juda isib ketdi, qirda esa, baxtga qarshi, issiqdan yashirinadigan joy yo‘q edi. Lekin kichkina otryad mardlik bilan yana sharqqa qarab yo‘l oldi. Yo‘lda bir necha marta katta-katta podalar uchradi. Jazirama issiqda ovqat yeyishga ham holi qolmagan mollar erinchoqlik bilan o‘tga ag‘anab yotar edilar. Qorovullar, to‘g‘rirog‘i, cho‘ponlar yo‘q edi. Issiqdan jon saqlash uchun qo‘ylarning sutini emishni o‘rganib olgan itlargina sigir va buqalardan iborat katta-katta podalarni qo‘riqlar edi. Bu yerlarda qoramol juda yuvosh bo‘ladi.
Tush paytiga borib qir manzarasi o‘zgara boshladi, doim bir xil manzaraga o‘rganib qolgan sayohatchilar buni darhol sezdilar. Boshoqli o‘simliklar tobora kamroq uchray boshladi. Ularning o‘rniga ingichka qariqiz o‘tlari bilan bo‘yi to‘qqiz fut keladigan baland-baland qushqo‘nmaslar uchray boshladi, bu o‘tlarni butun dunyodagi eshaklar jon deb yegan bo‘lardi. U yer-bu yerda tikanli pastak-pastak ko‘m-ko‘k butalar ko‘zga chalinib qolardi. Ular qanchalik ko‘rimsiz bo‘lmasin, qaqrab yotgan yerlarda o‘shalar ham ko‘zni quvontirardi. Dashtning loy-tuproqlik qatlamlariga singib qolgan namlik o‘tloqlarni sug‘orardi, shuning uchun ham ko‘m-ko‘k o‘tlar gilamday o‘sib yotar va go‘zal manzara berardi. Lekin endi bu gilamning yirtilgan, toptalgan joylari tez-tez uchray boshladi-yu, uning tagi ko‘rinib yerning zaif, shirasiz bo‘la borayotgani sezilib qoldi. Talkav sayohatchilarning diqqatini bunga jalb qildi.
‒ Bu o‘zgarishdan shaxsan men mutlaqo xafa emasman, – dedi Tom Ostin: – Qayerga qarama – nuqul o‘t. Kishining joniga ham tegib ketar ekan.
‒ To‘g‘ri-ya, – dedi mayor, – lekin o‘t bor joyda, suv ham bo‘ladi-da.
‒ E, suvdan kamchiligimiz yo‘q, – deb gapga aralashdi Vilson, – buning ustiga yo‘lda ham albatta biron daryoni uchratamiz.
Bu gapni Paganel eshitgan bo‘lganda Kolorado bilan Argentina viloyatidagi tog‘lar orasida daryolar juda kam deb aytgan bo‘lar edi, albatta. Lekin xuddi shu paytda u Glenarvanning diqqatini tortib qolgan bir holni tushuntirib berayotgan edi.
Anchadan beri havoni tutun hidiga o‘xshash bir hid bosgan edi, lekin chor atrofda ko‘z ilg‘aydigan yerda bironta ham o‘t ko‘rinmasdi. Uzoqroq biror yerga o‘t tushganidan nishon ham ko‘rinmasdi. Shuning uchun buni oddiy bir narsa deb izohlab bo‘lmas edi. Ko‘p o‘tmay kuyuk hidi shunday kuchayib ketdiki, Talkav bilan Paganeldan boshqa hamma bunga juda hayron bo‘ldi. Har qanday hodisani ham darhol izohlab berishga hozir bo‘lgan
74
Islandiyada qish Lombardiyadagiga qaraganda yumshoq bo‘lishining sababi shu (Muallif izohi).