Капитан Грант болалари. Жюль ВернЧитать онлайн книгу.
Grantning oldin kapitan yordamchisi, so‘ngra kapitan sifatida qilgan dastlabki uzoq safarlari muvaffaqiyatli o‘tdi. Robert tug‘ilgandan keyin oradan bir necha yil o‘tgach, u bir qadar mablag‘ egasi bo‘lib qoldi.
Butun Shotlandiyada uning dong‘ini chiqargan fikr ham kapitanning miyasida ana shunda tug‘ildi. Glenarvan va ba’zi boshqa kishilar kabi kapitan Grant ham Angliya Shotlandiyani asirlikka solgan deb hisoblar edi. Uning fikricha, Shatlandiyaning manfaatlari anglo-sakslarning manfaatlariga mos kelmas edi, shuning uchun u Tinch okeandagi orollardan birida Shotlandiyaning katta mustamlakasini vujudga keltirmoqchi edi. U o‘zining bo‘lajak mustamlakasiga mustaqillik bermoqchi edimi? Ehtimol. U o‘zining bu yashirin niyatlarini bitta-yarimtaga aytib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Har holda, bu niyatlarini amalga oshirishda hukumat unga yordam bermadi. Yordam bermadigina emas, u kapitan Grantga turli vositalar bilan xalaqit bera boshladi. Lekin kapitan taslim bo‘lmadi. U o‘z vatandoshlariga murojaat qildi, o‘zining butun bor-yo‘g‘ini sarflab, «Britaniya» kemasini qurdi va saralangan komanda tuzib, Tinch okeandagi katta orollarni tekshirgani jo‘nab ketdi. Bolalarini esa xolavachchasi bo‘lgan keksa bir kampirning qo‘liga topshirdi. Bu 1861-yilda bo‘lgan edi. 1862-yilning may oyigacha, bir yil mobaynida u o‘zi to‘g‘risida xabar berib turdi. Lekin «Britaniya» 1862-yil iyun oyida Kalyaodan jo‘nab ketganidan keyin hech kim ular to‘g‘risida hech nima eshitmadi. «Dengizchilar gazetasi» ham kapitan Grantning taqdiri to‘g‘risida hech qanday xabar bosmadi.
Bu orada Garri Grantning keksa xolavachchasi to‘satdan vafot qildi va uning bolalari dunyoda yolg‘iz qoldilar. Meri Grantning yoshi o‘n to‘rtda edi, lekin jasur qiz og‘ir ahvolga tushib qolganidan qo‘rqmadi, ruhi tushmadi va butun diqqatini hali juda ham yosh bola bo‘lgan ukasiga qaratdi. Robertni tarbiyalash, o‘qitish kerak edi. Rejali, ziyrak, saranjom va qanoatli qiz o‘zi to‘g‘risida o‘ylamadi, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay ishlab, ukasini tarbiyaladi, unga onalik qildi.
Yetim qolgan bolalar muhtojlik bilan mardona kurashib, Dendi shahrida yashadilar. Ularning ahilligiga kishining havasi kelardi. Meri faqat ukasi to‘g‘risida qayg‘urar va uning kelajakda baxtli bo‘lishini o‘ylardi. Bechora qiz «Britaniya»ning halok bo‘lganiga va otasining o‘lganiga ishonib qolgan edi. «Tayms» gazetasidagi e’longa tasodifan ko‘zi tushib qolganda, uning qanday hayajonga tushganini tasvirlab berish qiyin. Bu xabar uning so‘ngan umidlarini birdan jonlantirib yubordi.
Meri darhol harakat qilishga qaror berdi. Kimsasiz begona sohillarda halokatga uchragan kema qoldiqlari orasidan kapitan Grantning jasadi topilibdi, degan mash’um xabarni eshitishga ham rozi edi, hatto shunday xabar ham doimiy shubhalar va doim azob beruvchi noma’lumlikdan ko‘ra yaxshiroq edi.
Meri bor gapni ukasiga bildirdi. O‘sha kuniyoq kapitan Grantning bolalari Pertdan o‘tadigan poyezdga chiqdilar, kechqurun Malkolm-Kestlga yetib keldilar. Qanchadan-qancha ruhiy azoblardan so‘ng Merining qalbida qaytadan umid tug‘ildi.
Meri Grant Elen Glenarvanga ana shunday qayg‘uli hikoya so‘zlab berdi. Qiz bu uzoq sinov yillarida o‘zini qahramonona tutganini xayoliga ham keltirmay, oddiygina so‘zlar edi. Lekin Elen buni juda yaxshi tushundi, shuning uchun u qizning hikoyasini tinglar ekan, ko‘z yoshlarini yashirmas va kapitan Grantning bolalarini tez-tez quchoqlar edi.
Robert esa o‘zlarining qanday ahvolda qolganliklarini endigina tuygandek bo‘ldi. Opasining hikoyasini eshitar ekan, u Meriga ko‘zlarini katta ochib qarardi. Robert Merining uni deb nimalar qilganini, qanday azoblar chekkanini faqat endigina anglab yetdi va ortiq o‘zini tutolmay opasining bo‘yniga tashlandi va uni mahkam quchoqladi.
‒ Oh opajon! Aziz opajonim! – dedi g‘oyat hayajonlangan bola. Suhbat davom etar ekan, asta-sekin qorong‘u tushdi, bolalar juda charchaganini payqagan Elen gapni to‘xtatdi.
Meri bilan Robert o‘zlari uchun ajratilgan xonalarga kirib, porloq kelajak to‘g‘risidagi shirin xayollar og‘ushida uxlab qoldilar.
Ular chiqib ketgach, Elen mayor Mak-Nabbsni chaqirishni buyurdi va unga kechqurun bo‘lgan hamma gapni so‘zlab berdi.
‒ Meri Grant juda ajoyib qiz ekan-da, – deb baho berdi Mak-Nabbs, Elenning hikoyasini eshitib bo‘lib.
‒ Gap erimning o‘zi boshlagan ishni muvaffaqiyat bilan tugatishida qoldi, – dedi Elen, – aks holda, bu ikki bolaning ahvoli nihoyatda og‘ir bo‘ladi!
‒ Glenarvan o‘z maqsadiga erishadi, – dedi Mak-Nabbs. – Nahotki, admiralteystvodagi lordlarning18 yuragi Shotlandiya sementidan ham qattiq bo‘lsa.
Mak-Nabbsning bu ishonchiga qaramay, Elen kechani juda tashvishlanib, mijja qoqmay o‘tkazdi.
Ertasiga ertalab, Meri bilan Robert barvaqt turib, Malkolm-Kestlning keng hovlisida sayr qilib yurisharkan, yaqinlashib kelayotgan foytunning ovozi eshitildi. Glenarvan Malkolm-Kestlga qaytib kelayotgan edi. Otlar ola-tasir yugurib kelardilar.
Glenarvan qasrga kirib kelishi bilanoq mayor va Elen uning qarshisiga yugurdi.
Glenarvan g‘amgin, xomush, ayni vaqtda darg‘azab ko‘rinardi. U indamasdan xotinini quchoqladi:
‒ Xo‘sh, nima bo‘ldi, Eduard? – deb so‘radi Elen.
‒ Chatoq, azizim, bu odamlarning qalbi toshdan ekan! – deb javob berdi Glenarvan.
‒ Rad qilishdimi?
‒ Ha, kema borish to‘g‘risidagi taklifimni rad qilishdi. Franklinni axtarish uchun bekorga sarf qilingan million-million pullar haqida gapirdilar. Hujjat aniq emas degan vaj ko‘rsatdilar. Kema bundan ikki yil oldin halok bo‘lgan, endi bu bechoralarni topish amrimahol deb bahona qildilar. Falokatga uchragan kishilar hindular qo‘liga asir tushganidan keyin, albatta mamlakatning ichkarisiga olib ketilgan, uchta odamni, uchta shotlandiyalikni topish uchun butun Patagoniyani tintib chiqish mumkin bo‘lmaydi-ku, deb ishontirmoqchi bo‘ldilar. Bu xavfli, befoyda qidirish ishlarida qutqarmoqchi bo‘lganimizdan ko‘ra ko‘proq odam halok bo‘ladi, dedilar. Xullas, iltimosimni rad qilishga ahd qilgan kishilarning barcha dalillarini keltirdilar. Ular kapitan Grantning maqsadlarini hali unutganlari yo‘q. Endi bechora kapitan butunlay halok bo‘ldi!
‒ Otam! Bechora otam! – deb yubordi Meri Grant, Glenarvan qarshisida tiz cho‘kar ekan.
Glenarvan oyoqlari ostiga tiz cho‘kkan qizga hayron bo‘lib qaradi:
‒ Otam dedingizmi?! Nahotki, siz miss…
‒ Ha, Eduard, – dedi gapga aralashib Elen, – miss Meri va uning ukasi Robert – kapitan Grantning bolalari. Admiralteystvodagi lordlar ularni yetimlikka mahkum qilibdilar.
‒ Oh, miss, – dedi Glenarvan qizning turishiga yordamlashar ekan, – men sizlarning shu yerda ekaningizni bilganimda…
Uning gapi chala qoldi. Qasr hovlisida og‘ir jimlik cho‘kdi, bu jimlikni faqat ho‘ng-ho‘ng yig‘i tovushi buzar edi. Na Glenarvan, na Elen, na mayor va na o‘z xo‘jayinlari atrofida xomush turgan qasr xizmatkorlari churq etib og‘iz ochmas edilar. Bu barcha shotlandiyaliklarning qalbida ingliz hukumatiga nisbatan g‘azab qaynayotgani ochiq ko‘rinib turardi.
Bir necha minutdan so‘ng mayor Glenarvandan:
‒ Demak, endi hech qanday umid yo‘qmi? – deb so‘radi.
‒ Hech qanday!
‒ Unday bo‘lsa, – deb qichqirdi kichkina Robert, – o‘sha janoblarning oldiga men o‘zim boraman. Ko‘ramiz…
Opasi uning gapini tugatishiga imkon bermadi, lekin bolaning mahkam qisilgan mushtlari uning niyatlaridan darak berib turardi.
‒ Yo‘q, Robert, yo‘q! – dedi Meri Grant. – Bizga qilgan barcha yaxshiliklari uchun bu qasrning olijanob xo‘jayinlariga tashakkur aytamiz-u, ketamiz. Biz ularning bu yaxshiligini hech vaqt unutmaymiz.
‒ Meri! – deb qichqirdi Elen.
‒ Nima qilmoqchisiz endi? – deb so‘radi Glenarvan qizdan.
‒ Men qirolichaning oyog‘iga yiqilaman, – deb javob berdi qiz, – ko‘ramiz,
18
Lord – Angliyada: dvoryanlarning avloddan-avlodga o‘tib keladigan oliy unvoni va shu unvonga ega bo‘lgan odam.