Эротические рассказы

Қор маликаси. Собит қалайи аскарча. Ганс Христиан АндерсенЧитать онлайн книгу.

Қор маликаси. Собит қалайи аскарча - Ганс Христиан Андерсен


Скачать книгу
bitta gulni yulib tashlabdi va ko‘hlikkina jajji Gerdadan qochib o‘z derazasi tomonga o‘tib olibdi.

      Endilikda Gerda unga suratli kitoblar olib keladigan bo‘lsa, bolakay, bu suratlarga faqat chaqaloqlar qiziqishi mumkin, der, keksa buvisi biron narsani hikoya qilib bersa, u bundan ayb izlar ekan. Ba’zan esa shunchalikka borib yetar ekanki, buvisining yurishini masxara qila boshlar, uning ko‘zoynagini taqib olar, buvisiga taqlid qilib gapirishga tushib ketar ekan. Juda o‘xshasa kerakki, odamlar kulishar ekan. Tez orada Kay barcha qo‘shnilarga tegajog‘lik qilishga o‘tibdi. Bolakay ularning barcha g‘alati jihatlarini, kamchiliklarini aynan o‘xshatib ko‘rsata olar, kishilar esa:

      – Judayam qobiliyatli bolakay! – der ekanlar.

      Bularning barchasiga sabab bolakayning ko‘zi bilan yuragiga tushgan ko‘zgu parchalari ekan. Shuning uchun u hatto ko‘hlikkina jajji Gerdani ham masxara qilar, holbuki, qizcha uni astoydil yaxshi ko‘rar ekan.

      Uning ermaklari ham butunlay boshqacha, ajabtovur g‘alati bo‘lib qolibdi. Bir kuni qish payti qor yog‘ganida u narsalarni yirik qilib ko‘rsatadigan kattakon shisha olib kelibdi, ko‘k kamzulini polga to‘shab, ustiga qor qo‘yibdi-da:

      – Manavi shishaga qara, Gerda, – debdi.

      Shisha ostidagi qor uchqunlari aslidagidan judayam katta bo‘lib, chiroyli gulga yoki o‘n qirrali yulduzga o‘xshab ketar ekan. Shunaqangi go‘zal ekanki!

      – Qara, qanday ustomonlik bilan qilingan, – debdi Kay. – Rostakam gullardan ko‘ra bu qiziqroq! Qanchalar aniq ishlangan. Bittayam noto‘g‘ri chizig‘i yo‘q. Eh, qani endi ular erib ketmaganida edi!

      Oradan biroz o‘tgach, Kay kattakon qo‘lqop kiyganicha chana sudrab kelibdi va Gerdaning quloqlariga: “Menga katta maydonda bolalar bilan o‘ynash uchun ruxsat berishdi!” – deb qichqirganicha chopib ketibdi.

      Maydonda juda ko‘p bolalar chana uchishar ekan. Kim dadilroq bo‘lsa, o‘z chanasini dehqonlar chanasiga bog‘lab olar va uzoq-uzoqlarga sirpanib ketar ekan. Bu esa nihoyatda maza ekan. O‘yin-kulgi ayni avjiga chiqqanida maydonda kattakon oppoq chana paydo bo‘libdi. Unda oq po‘stinga o‘rangan, xuddi shunday qalpoq kiyib olgan kimdir o‘tirar ekan. Chana maydonni ikki bora aylanib chiqibdi. Kay darhol o‘z chanasini unga bog‘lab olganicha sirg‘ala boshlabdi. Katta chana tezlasha-tezlasha maydondan muyulishga qarab burilibdi. Unda o‘tirgan kishi ortiga o‘girilibdi-da, xuddi eski tanishlarga o‘xshab Kayga salom degandek bosh irg‘ab qo‘yibdi. Kay bir necha bor o‘z chanasini yechib olmoqchi bo‘libdi, biroq po‘stinli kishi har safar unga bosh silkib qo‘yar ekan; bolakay ham uning ortidan ketaveribdi.

      Mana, ular shahar darvozasidan ham chiqib olishibdi. Qo‘qqisdan laylakqor yog‘a boshlabdi, tevarak-atrof ko‘zni yirtib yuborgudek qorong‘i bo‘lib qolibdi. Bolakay shosha-pisha katta chanaga bog‘langan arqonni qo‘yib yuboribdi, biroq chanasi katta chanaga yopishib qolgandek uning ortidan bo‘ronday yelib ketaveribdi. Kay qattiq dodlab yuboribdi, ammo buni hech kim eshitmabdi. Qor gupillatib yog‘ar, chanalar esa qortepalarga sho‘ng‘ib, g‘ovlar-u ariq-zovurlar ustidan sakrab o‘tganicha ilgarilab borar, Kay esa dag‘-dag‘ titrar ekan.

      Lo‘ppi-lo‘ppi qorlar kattalasha-kattalasha nihoyat ulkan oppoq tovuqlarga aylanibdi. Qo‘qqisdan bu tovuqlar har tomonga uchib ketishibdi, katta chana to‘xtab, unda o‘tirgan kishi o‘rnidan turibdi. Baland bo‘yli, adl qomatli, ko‘zni qa mashtirgudek oppoq bu ayol – Qor malikasi ekan; uning po‘stini ham, qalpog‘i ham qordan ekan.

      – Zo‘r yelib keldik! – debdi u. – Lekin sen qattiq sovqotib qolding, kel, mening po‘stinimga o‘ranib ola qol!

      U bolakayni o‘z chanasiga o‘tqazib, ayiq terisidan qilingan po‘stiniga o‘rabdi. Kay xuddi qor uyumiga tushib ketgandek bo‘libdi.

      – Haliyam sovqotyapsanmi? – deb so‘rabdi Malika va bolakayning peshonasidan o‘pib qo‘yibdi.

      Hu-uv! Uning bo‘sasi muzdan ham sovuq ekan, bu sovuq bolakayning ich-ichini teshib, yuragigacha yetib boribdi, yuragining esa shundoq ham yarmi muzlab yotgan ekan. Birpasdan keyin butunlay o‘lib qolsam kerak, deb o‘ylabdi Kay…

      Atigi bir daqiqa o‘tgach, aksincha, u o‘zini juda yaxshi his eta boshlabdi, hatto butunlay sovqotmay qo‘yibdi.

      – Mening chanam! Mening chanamni unutma, – deya birdan eslab qolibdi bolakay.

      Uning chanasini oq tovuqlardan birining ortiga bog‘lashibdi va u ham katta chana orqasidan uchib ketibdi. Qor malikasi Kayni yana bir marta o‘pgan ekan, u Gerdani ham, buvisini ham, uyidagi hamma narsalarni ham eslamay qo‘yibdi.

      – Endi seni o‘pmayman, – debdi Qor malikasi. – O‘lguncha o‘pavermayman-ku, axir.

      Kay unga nazar tashlabdi. U judayam latofatli ekan. Bunday dono qiyofa, go‘zal chehrani u tasavvur ham qilmagan ekan. Bolakayga u endi hu avvalgi, deraza oldida o‘tirganida qo‘li bilan imo qilgani kabi sovuq bo‘lib tuyulmabdi.

      U malikadan butunlay qo‘rqmay qo‘yibdi, o‘zining arifmetikadan to‘rt amalni, hatto kasr sonlarni ham yecha olishini, har bir mamlakatning yer maydoni va aholisi qancha ekanligini bilishini aytib bergan ekan, malika javob o‘rniga jilmayib qo‘ya qolibdi. Ana shunda bolakayga aslida o‘zi juda kam narsa biladigandek tuyulib ketibdi.

      Xuddi shu lahzada Qor malikasi u bilan qop-qora bulutga ko‘tarilibdi. Bo‘ron xuddi qadimiy qo‘shiqlarni kuylagandek ingrar va faryod chekar ekan; ular o‘rmon va ko‘llar ustidan, dengiz va cho‘llar tepasidan uchib o‘tishibdi; ularning ostida izg‘irinlar izg‘ir, bo‘rilar uvillar, qorlar tovlanib yotar, qop-qora qarg‘alar qag‘illab uchishar, boshlari ustida esa kattakon tiniq oy yog‘du sochib turar ekan. Qishning uzundan-uzoq bu kechasida Kay oydan ko‘z uzmay chiqibdi, kunduzi esa Qor malikasining poyida uxlab qolibdi.

      UCHINCHI VOQEA

      Sehrgarlik qila oladigan ayol gulzori

      Kanyingq ahyotliibnek eklemchagdai?nKidaayn qasoyo‘nqgq aGge‘ordyaib bo‘ldi? Buni hech kim bilmas, hech kim aytib bera olmas ekan.

      Bolalar faqat Kay o‘z chanasini kattakon g‘aroyib chanaga bog‘laganini, keyin muyulishdan burilib, shahar darvozasidan chiqib ketganini ko‘rganliklari haqida hikoya qilishar ekan, xolos.

      Uni deb ko‘p ko‘z yoshlar to‘kilibdi, Gerda uzoq va achchiq-achchiq yig‘labdi. Nihoyat, Kay o‘lgan, shahar yonidan oqib o‘tadigan daryoga cho‘kib ketgan degan xulosaga kelishibdi. Zimiston qish kunlari juda uzoq cho‘zilibdi.

      Nihoyat, mana, bahor ham kelib, quyosh jamol ochibdi.

      – Kay o‘lgan, endi u hech qachon qaytib kelmaydi! – debdi Gerda.

      – Ishonmayman! – deb javob beribdi quyosh shu’lasi.

      – U o‘lgan, endi hech qachon qaytib kelmaydi! – deya takrorlabdi Gerda qaldirg‘ochlarga.

      – Ishonmaymiz! – deya javob qaytarishibdi ular.

      Oxiri Gerdaning o‘zi ham bunga ishonmay qo‘yibdi.

      – O‘zimning qizil boshmoqchalarimni kiyaman-da (Kay hali bu boshmoqchalarni biror marta ham ko‘rmagan ekan), – debdi u bir kuni ertalab, – Kayni borib daryodan so‘rayman.

      Hali juda vaqtli ekan. U uxlab yotgan buvisini o‘pib qo‘yib, qizil boshmoqchalarini kiyibdi-da, yolg‘iz o‘zi to‘ppa-to‘g‘ri shahar tashqarisidagi daryoga qarab yuguribdi.

      – Mening tutingan akamni o‘z bag‘ringga olganing rostmi? – deb so‘rabdi u daryodan. – Sen agar uni menga qaytarsang, senga o‘zimning qizil boshmoqchalarimni sovg‘a qilardim!

      Yo‘lqinlarning g‘alati bosh tebratishlari qizchaga qiziq tuyulibdi. Shunda u o‘z bisotidagi eng qimmatli qizil boshmoqchalarini yechibdi-da, daryoga irg‘itibdi. Lekin boshmoqchalar shundoq qirg‘oqqa borib tushibdi, to‘lqinlar esa uni darhol qizchaga qaytarishibdi – go‘yo daryo Kayni qaytarib berolmagani kabi, qizchaning bisotidagi eng qimmatli narsani olishni ham istamayotgandek


Скачать книгу
Яндекс.Метрика