Қор одам. Ганс Христиан АндерсенЧитать онлайн книгу.
kirganda boshqa xil. Shamolning bulutni haydashiga ham bir qarab qo‘ying; bulutlar qo‘y podalari singari yugurishadi! Darvozada uvillashini eshityapsizmi? Xuddi qorovul burg‘u chalganday! U mo‘ri ichida va kaminda yana bir boshqacha ajoyib ovoz chiqaradi! Tarashalar charsillab yonadi, atrofga uchqun sachratadi; alanganing yorug‘ nuri xonaning eng xilvat burchaklarigacha yoritadi. Bunday xona shunaqayam issiq, shinamki, kamin oldida o‘tirish shunaqayam rohatki! Yaxshisi buni shamolning o‘zi hikoya qila qolsin! Uning yakka o‘zi hammamizdan ham ko‘proq ertaklarni biladi. Quloq soling, u ertak boshlayapti:
«G‘uv-g‘u-u! O‘taver!» – bu uning naqorati.
– Katta Bel sohilidagi qo‘rg‘onda qizil g‘ishtdan qurilgan bir boyning uyi bo‘lgan, – deb hikoyasini boshlabdi shamol. O‘sha yerdagi har bitta g‘isht menga tanish: Mark Stig qasrini qurishayotgandayoq bu g‘ishtlarni ko‘rganman; keyin qasr yiqildi, g‘ishtlarini yana ishlatishdi. Ulardan Borrebyu qo‘rg‘onida yangi devor, yangi uy qurishdi, u hozir ham bor.
Qo‘rg‘onning barcha oliy nasab egalarini ham bilaman; ko‘z oldimda juda ko‘p avlodlar almashdi! Endi men Valdemar Do va uning qizlari haqida hikoya qilaman.
Valdemar Do doim gerdayib yurardi, chunki uning tomirlarida qirol qoni ko‘pirib oqardi! Uning qo‘lidan bug‘u quvlash, qadah bo‘shatishlardan tashqari boshqa ishlar ham kelardi. Nimani uddalardi deysizmi? «Vaqti kelib ma’lum bo‘ladi!» derdi u.
Kimxob ko‘ylaklarga burkangan xotini esa gul sochilgan pol ustida viqor bilan qadam tashlardi, uy ichi juda ham serhasham edi: devor guldor gilamlarga, xonalar o‘yib ishlangan mebellarga liq to‘la edi. U sep tariqasida juda ko‘p kumush va oltin idishlar ham olib kelgandi. Yerto‘lalarda nemis musallaslari va boshqa narsalar saqlanardi. Otxonalarda esa ajoyib qora otlar kishnab turardi. Ha, Borrebyu hokimi juda badavlat edi, chunki davlat hali undan yuz o‘girmagan edi-da.
Uning uchta bolasi – uchta nafis gul lolasi: Ida, Yohanna va Anna Dorteya ismli qizlari bor edi, ularning ismi hali ham esimda.
Boshqa qadimiy qo‘rg‘onlarda ko‘rganimdek, bu yerda ham oliy nasab xonimlarning qizlari bilan birga tantanalar o‘tkaziladigan mehmonxonada charx yigirib o‘tirishlarini ko‘rishga muyassar bo‘lganman. Biroq, bu xonim musiqa chalar, faqat qadimiy daniya qo‘shiqlarinigina emas, balki boshqa tilda horijiy ashulalarni ham aytardi. Qo‘rg‘onda hayot gashtli o‘tardi, uzoq va yaqinlardan har kuni aslzoda mehmonlar kelishardi, musiqalar yangrardi, qadahlar jaranglardi, shunchalik shovqin ko‘tarilardiki, ba’zan hatto men ham uni bosishga ojizlik qilib qolardim! Ha, bu yerda juda ko‘p shovqin-suron bo‘lgan, bu yerda oliy zotlarning kibr-havosi hukmron edi, bu yerda janoblar serob edi-yu, xudo yo‘q edi!
– May oqshomlaridan biri edi, – davom etibdi shamol, – men endigina g‘arbdan qaytib kelgandim; o‘sha yoqlarda Yutland sohillariga urilib pachag‘i chiqqan kemalarni ko‘rdim, ko‘m-ko‘k o‘rmonlar bilan qoplangan sohillar hamda cho‘llar ustidan o‘tayotib shovqin soldim. Fyun oroli va Katta Belt suvlari ustida hushtagimni chaldim, faqat Zelandiya sohillariga kelib tinchlandim. Bu yerda Borrebyu yaqinidagi ajoyib eman o‘rmonzorida hordiq chiqardim – o‘sha paytlar bu o‘rmon hali bor edi.
O‘rmonda atrofdan kelgan yigit-qizlar sayr qilib yurishar, quruq shox-shabbalarni yig‘ishtirishar edi. Ular bir bog‘-bir bog‘dan o‘tin qilishib, qishloqlariga qaytishar, o‘tinlarni bir joyga to‘plab, gulxan yoqishar va uning atrofida qo‘shiq aytib, o‘yinga tushishar edi. Qizlar ham yigitlardan qolishmasdi.
– Men jimgina yotgandim, hikoyasini davom ettiribdi shamol, – faqat gulxanga eng chiroyli yigit qo‘ygan shoxni astagina puflardim. U lovillab yonib ketdi, yigitni may qiroli qilib tanlab olishdi, u esa qizlar orasidan qirolicha tanladi. O‘shanda rosayam xursandchilik bo‘ldi! Bu xursandchilik oldida oliy nasablar uyidagi xursandchilik ip esholmay qoldi!
Beshta ot qo‘shilgan zarrin izvosh boy qo‘rg‘oni tomon yo‘l oldi. Unda xonimning o‘zi va uning qizlari – uchta nafis, yosh, chiroyli gullar, atirgul, nilufar va qorday oppoq sunbul o‘tirardi. Qizlarning onasi xuddi barq o‘rib turgan lolaga o‘xshardi, u torday tarang tortib, gerdayib o‘tirardi. Hech kimning salomiga alik olmasdi, hatto dehqonlarning qo‘shiq va raqs bilan qilishgan ta’zimlari ham javobsiz qolardi, bordiyu, ta’zimga ta’zim bilan javob bersa, chiroyli qomati sinib qoladiganday qo‘rqardi! «Xo‘sh, sizlarchi, atirgul, nilufar va sunbulxonlar, vaqti kelganda kimlarning malikalari bo‘lasiz? – deb o‘yladim. Ular kechagiday ko‘z o‘ngimda! – Sizlarning tanlaganingiz olijanob ritsarlar, ehtimol, shahzodalar bo‘lar!»
– G‘uv-g‘u-u! O‘taver, o‘taver!
Izvosh jo‘nab ketdi, dehqonlar yana raqs boshlashdi.
Borrebyu, T’erebyu hamda boshqa atrof qishloqlarda yozni ana shunday kutib olishdi.
– Kechasi uyg‘onib qarasam, – debdi shamol, – aslzoda xonim o‘rniga yotganicha qaytib turmabdi. Boshqa odamlar nima bo‘lsa, u ham shunday bo‘ldi, bu yangilik emas. Valdemar Do bir lahza jim turdi. Biroq, ko‘nglidan «mag‘rur daraxt egiladi-yu, sinmaydi» degan gap o‘tdi. Qizlar yig‘i-sig‘i qilishdi, hovlidagilarning ham ko‘zlarida yosh ko‘rinardi. Lekin Do xonim olamdan o‘tdi, men ham o‘taverdim. G‘uv-g‘u-u! – deb g‘uvillabdi shamol.
– Men orqaga qaytdim – Fyun orollari va Belt suvlari ustidan uvillab o‘tib, tez-tez orqaga qaytadigan odatim bor edi – eman o‘rmonzori yaqinidagi dengiz sohiliga – Borrebyuga yastandim. O‘rmondagi daraxtlarga baliqchi dengiz lochinlari, yovvoyi kaptarlar, qora qarg‘alar, hatto qora laylaklar uya qurgandi. Erta bahor edi; ba’zi uyalarda tuxum, boshqalarida tuxumdan endigina chiqqan qushchalar chirqillardi. Qush to‘dalari esa shovqin solib, sho‘xlik qilib o‘rmon ustida uchib yurishardi. Ahyonahyonda bolta ovozlari ham eshitilib qolardi; baland-baland emanlar kesiladigan bo‘ldi: Valdemar Do qimmatbaho uch palubali harbiy kema qurmoqchi ekan, uni qirol sotib olsa kerak! Shu vajdan dengizchilarga mo‘ljal, qushlarga boshpana bo‘lib kelgan o‘rmon kesila boshladi. Qarqunoqlar qo‘rqqanlaridan u yoqdan-bu yoqqa uchishardi: ularning inlari buzilib ketdi; o‘z boshpanalaridan mahrum bo‘lgan dengiz lochinlari va boshqa o‘rmon qushlari ham qo‘rquv va alamdan qichqirib, osmonda charx urishdi. Men ularni yaxshi tushunardim! Qarg‘a va zag‘chalar zaharxandalik bilan Qag‘-qag‘! Xonavayron bo‘ldik! Qag‘-qag‘! – deb qichqirishdi.
O‘rmonda, ishchilar yonida Valdemar Do uchala qizi bilan turardi. Eng kenja qizi Anna Dorteyadan boshqa hamma qushlarning jon talvasasiga tushib faryod urishlaridan huzur qilishardi. Qizning bechora qushlarga rahmi keldi; tepasiga qora laylak uya qurgan yarmi qurib qolgan eman daraxtini kesish navbati kelganda, ko‘zida yosh bilan otasidan shu daraxtni kesmaslikni, uyadan boshlarini chiqarib turgan qushchalarni nobud qilmaslikni o‘tinib iltimos qildi. Qora laylak tufayli eman daraxti kesilmay qoldi, bunday daraxt haqida hikoya qilsa arziydi!
Daraxt kesish va arralash qizg‘in tus oldi, uch palubali kema qurilmoqda edi. Kemasoz oliy tabaqa kishilardan bo‘lmasa ham, har qalay zodagonlardan edi. Uning peshanasi va ko‘zidan aqlliligi sezilib turardi. Valdemar Do bu yosh yigitning hikoyalariga jon deb quloq solardi. Bu hikoyalarni Borrebyu hokimining o‘n besh yoshli to‘ng‘ich qizi Ida ham eshitardi. Kemasoz Valdemar Do uchun kema qurayotib, o‘zi va Ida uchun samoviy qasr ham qurdi: ular ana shu qasrda er-xotinday yonma-yon o‘tirishardi! Bordiyu, bu chinakam qasr bo‘lganda, uning toshdevorlari, ko‘tarmalari, xandaqlari, o‘rmon va bog‘lari bo‘lganda chindan ham yaxshi bo‘lardi. Biroq, turnaning raqsiga chumchuqning suqilishi yaxshi emas. Yosh kemasoz qanchalik aqlli bo‘lmasin, baribir kambag‘al edi. G‘uv-g‘u-u! Men charx urdim, u ham charx urib uchdi, bu yerda ortiq qololmadi. Ida esa taqdirga tan berdi, qo‘lidan nima ham kelardi?
– Otxonalarda qora otlar kishnab turardi, – deb hikoyasini davom ettirdi shamol, – ularga qarasangiz ko‘zingiz quvonardi! Hammaning ko‘zi o‘shalarda edi. Yangi harbiy kemani sotib olish uchun qirol tomonidan yuborilgan admiral o‘ynoqi otlarni ko‘rib zavqlanganidan qiyqirib yubordi. Buni ro‘yi rost eshitdim, chunki men janoblarning izidan ochiq turgan eshiklar orqali kirib, oyoqlari ostiga tillarang somon sochayotgan edim-da. Valdemar Do jaraq-jaraq oltinni, admiral esa qora tulporlarni olish ilinjida edi, shu vajdan