Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз ДиккенсЧитать онлайн книгу.
bu sudya-ku! Qisqasi, tumshuqvoyning buyrug‘i bilan bo‘lsa to‘g‘ri sirtmoqqa duxob bo‘lgani ketyapsan, undan o‘lgandayam qutulolmaysan. Sen charxpalak-g‘ildirakni aylantirmaganmisan sira?17
– Qanaqangi g‘ildirakni? – so‘radi Oliver.
– Qanaqangi deysanmi? Qanaqangi bo‘lardi, charxpalak-g‘ildirak-da, albatta, haligi, jindakkina joyni oladigan, hatto tosh ko‘zaning ichida ham aylanaveradigan o‘sha charxpalak-g‘ildirakni-da. Odamlar qanchalik qiynalsa, o‘shanchalik ishlaydi u, nega deganingda, agar odamlar yaxshi yashaydigan bo‘lsa, unda ishlagani ishchi topilmay qoladi… Lekin menga qara, – so‘zini davom ettirdi yosh jentlmen, – sening qorningni qappaytirish kerak-ku, bo‘pti, yemish bo‘ladi. Hozir o‘zimni ham ovim chopmayroq turibdi-da – bisotimda atigi bitta lo‘yayu hakkagina18 bor, kel, bo‘lganicha bo‘lar, ketsa-ketibdi-da. Tura qol, qani!.. Ish bundoq bo‘pti!.. Qani ketdik!
Yosh jentlmen Oliverning turishiga yordamlashib yubordi-da, eng yaqin boqqollik do‘koniga boshlab borib, u yerdan bir bo‘lak dudlangan cho‘chqa soni bilan to‘rt funtlik nonning yarimtasini yoki o‘zining tilida aytilsa, «to‘rt penslik kesim»ni sotib oldi; cho‘chqa go‘shti ayyorona bir ustomonlik – nonning ichidagi yumshoq mag‘zini o‘yib olib, o‘rniga go‘shtni joylash usuli sharofati bilan chang-to‘zon bosishdan asralgan edi. Yosh jentlmen nonni qo‘ltiqlab, kichikroq oshxonaga kirdi-da, ichkari xonaga o‘tdi. Sirli yigitchaning buyurtmasi bilan krujkada pivo keltirishdi, shundan keyin Oliver yangi oshnasining taklifidan foydalanib o‘zini ovqatga urdi-yu, uzoq kavshandi, g‘alati bola bo‘lsa bu orada butun vujudi diqqatga aylanib, ko‘zini uzmay uni kuzatib o‘tirdi.
– Londonga ketyapsanmi? – so‘radi g‘alati bola Oliver nihoyat ovqatlanib bo‘lgach.
– Hm.
– Turadigan joying bormi?
– Yo‘q.
– Puling-chi?
– Yo‘q.
G‘alati bola hushtak chalib qo‘ydi-da, qo‘llarini uzun yengi imkon berganicha cho‘ntaklariga chuqurroq suqdi.
– Siz Londonda turasizmi? – so‘radi Oliver.
– Ha, uyimizga borgan paytlarimda, – javob qildi bola. – Bugun kechasi tunagani o‘sha yerdan bironta joy topilsa, yo‘q, demasding-a, to‘g‘rimi?
– Jon-jon derdim, – javob qildi Oliver. – O‘z shaharchamizdan chiqib ketganimdan beri hali tuzukroq o‘rinda tunaganim yo‘q.
– Shungayam ko‘zyoshi qilarkanmi? – dedi yosh jentlmen. – Men bugun kechqurun Londonda bo‘lishim kerak, u yerda bitta tanishim bor, o‘zi keksa jentlmen, o‘sha senga tekinga boshpana beradi, hech nima talab ham qilmaydi; to‘g‘ri, agar seni o‘zi biladigan jentlmen boshlab borsa, albatta. Iye, nimalar deyapman, u meni tanimaydi, deysanmi? E yo‘q! Mutlaqo tanimaydi! Sirayam! Turgan gap!
Yosh jentlmen, keyingi gaplarim hazil, degan ma’noda iljaydi-da, pivosini simirdi.
Boshpana haqidagi bu nogahoniy taklif shunchalik o‘ziga rom etadigan taklif ediki, uni aslo rad qilib bo‘lmasdi. Buning ustiga, u Oliverni o‘sha chol tez orada senga albatta tuzukroq joy, ish topib beradi, deb ishontirdi. Bu narsa oralarida yanada do‘stona hamda samimiy suhbat boshlanishiga sabab bo‘ldi, Oliver ushbu gurung davomida do‘stining ism-sharifi Jek Daukins va yuqorida aytib o‘tilgan keksa jentlmenning alohida mehri-yu himoyatiga noil ekanini bilib oldi.
Mister Daukinsning qiyofasidan homiysi o‘z panohiga olganlarga yaxshi sharoit yaratib berganiga ishonish amrimahol edi. Lekin uning og‘zidan yengil-yelpi hamda beandisha so‘zlar chiqayotgani, ustiga-ustak yaqin do‘st-yorlari orasida hazilomuz «Abjir Tullak» laqabi bilan mashhur ekanini tan olgani sababli, Oliver bu beg‘am-u bevosh bolaga o‘zi maqtayotgan o‘sha valine’matining pand-nasihatlari shu kungacha kor qilmabdi-da, degan xulosaga keldi. Ana shuning ta’sirida u tezroq keksa jentlmenda yaxshi fikr tug‘dirish va bordi-yu, Tullak aslida tuzalmas kasofat bo‘lib chiqsa, uning bilan oshnachilik rishtalarini albatta uzishni diliga tugib qo‘ydi.
Jek Daukins to qorong‘i tushmagunicha Londonga kirib borishni istamagani vajidan ular soat o‘n birlarni kutishdi, shundan keyingina Izlington qopqasiga yaqinlashishdi. «Farishta»ga19 yetgach, Sent-Jon-Roudga burilishdi, Sedlers-Uels teatri yonida tugaydigan tor ko‘chani bosib o‘tishdi, Eksmaut-strit va Kopis-Rouni ortda qoldirib, mehnat uyi yaqinidagi choqqina hovlidan o‘tib borib, Xokli-Inter-Xoulni kesib chiqishdi-da, Safren-Xillga, so‘ngra esa Greyt-Safren-Xill tomonga qayrilishdi, shu yerga yetganda Tullak Oliverga orqasidan yetib yurishni buyurib, g‘izillagancha olg‘a yugurdi.
Oliverning butun diqqati yo‘l boshlovchisini ko‘zdan qochirmaslik bilan band edi, shunga qaramay u chopib borayotib ora-sira atrofga alanglab qo‘yardi. Bundan ko‘ra fayzsiz va ayanchliroq joyni u hali ko‘rmagan edi. Ko‘cha nihoyatda tor hamda iflos, havoni esa qo‘lansa hid tutib ketgandi. Kichkina-kichkina do‘konchalarning sanog‘i yo‘q edi, lekin ularning shunday allamahal bo‘lib qolganiga qaramay eshiklari oldida g‘ujg‘on o‘ynayotgan yoki ichkarida qiyqirib chinqirayotgan bolalardan boshqa mollari yo‘qdek tuyulardi. Halokatga mahkum etilgan bu joyda go‘yoki faqat mayxonalarninggina ishi rivoj topganday ko‘rinar, ularda o‘ng‘almas odamlar – irland chiqindilari naq tomoq yirtgudek baqirib-chaqirishardi. Asosiy ko‘chaga tutash bostirma va hovlilar ortida g‘uj-g‘uj uy-kapalar ko‘rinib turar, bu yerlarda ham mast-alast erkag-u ayollar to‘ppato‘g‘ri balchiqda ag‘anashib yotishar, ba’zi eshiklardan esa qandaydir shubhali, devday-devday yigitlar pisibgina chiqib kelishardi; bular chamasi yaxshi niyat va bezarar yumushlar bilan jo‘nashmayotgandi.
Oliver, sekingina qochib qolganim yaxshimasmikin, deb o‘yladi-yu, lekin bu paytda ular tepadan pastga enib bo‘lishgan edi. Yo‘l boshlovchisi uning qo‘lidan ushlab, Fild-Leyn yonginasidagi uyning eshigini ochdi-da, uni yo‘lakka kiritib, darrov eshikni yopdi.
– Hey, kim u? – Tullakning hushtagiga pastdan allakim ovoz berdi.
– Firib va omad! – degan javob bo‘ldi.
Aftidan, bu hammasi joyidaligidan dalolat beruvchi shartli so‘z yoki ishora edi, negaki, yo‘lakning narigi boshidagi devorga shamning xiragina shu’lasi tushdi, o‘choqboshiga olib chiqadigan ko‘hna zinapoyaning siniq panjarasi orqasida erkak kishining basharasi ko‘zga tashlandi.
– Ikki kishi ekansizlar-ku, – dedi erkak sham ushlagan qo‘lini olg‘a cho‘zib, ikkinchi qo‘li bilan esa ko‘zini yorug‘dan pana qilib. – Ikkinchilaring kim bo‘ldi?
– Yangi o‘rtoq, – javob berdi Jek Daukins Oliverni oldinga itarib.
– Qay go‘rdan kelib qoldi bu?
– Lavanglar olamidan… Fedjin tepadami?
– Ha, artgichlarni saralayapti. Tepaga chiqaveringlar.
Shamni ichkari olishdi, bashara ham g‘oyib bo‘ldi.
Oliver qorong‘ida bir qo‘li bilan paypaslagan ko‘yi (ikkinchi qo‘lini bo‘lsa o‘rtog‘i mahkam ushlab olgandi), liqildoq zinapoyadan qiynala-qiynala arang tepaga ko‘tarildi, ayni paytda yo‘l boshlovchisi zipillagancha chiqib borar va bu hol uning zinapoya bilan eskitdan oshnoligining dalolati edi. U orqa xona eshigini ochib, Oliverni yetaklagancha ichkari kirdi.
Qarovsizlikdan xonaning devor-u shiftlari chang bosib, butunlay qorayib ketgandi. O‘choq oldida qarag‘aydan yasalgan stol, stolda esa zanjabil pivosidan bo‘shagan shisha og‘ziga o‘rnatilgan sham, ikki-uchta qalayi krujka, non, moy va taqsimcha turibdi. O‘choqda yonayotgan olov tepasiga tortilgan simga osilgan tovada sosiska qovurilyapti, juda qari, aftini ajin bosgan, patila-patila sochlari badjahl va sovuq basharasiga tushib turgan juhud chol engashgancha qo‘lidagi sanchqi bilan ularni ag‘darib turibdi. Egnida yog‘i chiqib ketgan yoqasi ochiq yengil xalat, butun diqqat-e’tibori esa tova bilan bir talay ipak dastro‘mollar osig‘liq ilgakka teppa-teng bo‘linganga o‘xshardi.
17
Charxpalak-g‘ildirak – ko‘ndalang poyalari bo‘lgan uzun g‘o‘lasimon asbob. G‘o‘laga tepa tomonidan qimirlamaydigan qilib dastasi bor kengbar taxta o‘rnatilgan, ana shu dastaklarni ushlab olgan ishchilar poyalarni bosib, g‘o‘lani harakatga keltirganlar; charxpalak-g‘ildirak birorta mexanizmga ulangan. Angliya qamoqxonalari va mehnat uylarida charxpalak-g‘ildirakni aylantirish jazo tariqasida belgilangan.
18
Lo‘yayu hakka – o‘g‘rilar lahjasida: bir shilling va yarim penni.
19
«Farishta» – Londonning rayonlaridan biri – Izlingtondagi mashhur qovoqxona.