Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз ДиккенсЧитать онлайн книгу.
ruhiyati – dil ko‘zlari bilan yaqqol ko‘rib turardi; biroq mehribon keksa xonimni ranjitgisi kelmadi; shu boisdan ham u xonim yuziga qaraganida muloyimgina jilmayib qo‘ya qoldi. Uni tinchlandi deb suyungan missis Beduin esa sho‘rvaga tuz solib, qoq nondan tashladi; ana shu tantanavor tadorik-tadbirni kuydi-pishdilik bilan ado etdi. Oliver sho‘rvani hash-pash deguncha surobini to‘g‘riladi. Oxirgi qoshiqdagi sho‘rvani yutib bo‘lar-bo‘lmasidan eshik astagina taqilladi.
– Kiravering, – dedi keksa xonim.
Shunday deyishi bilanoq mister Braunlou kirib keldi.
Keksa jentlmen xonaga dadil kirib keldi-yu, lekin Oliverga tuzukroq tikilish uchun ko‘zoyna gini peshonasiga ko‘tarib, qo‘llarini xalati ostidan ortida chalkashtirgani zahoti afti g‘alati bir tarzda uchib-uchib qo‘ya boshladi. Oliver darddan so‘ng tinka-madori qurigan va rangi nihoyatda siniqqan ko‘rinardi. U o‘z valine’matiga hurmati yuzasidan turmoqchi bo‘lib urindi-yu, ammo bu urinishi qaytadan kresloga shilq etib tushish bilan tugadi. Bashartiki, haqiqatni aytadigan bo‘lsak, mister Braunlouning insonparvarlikka moyilligi besh-o‘n chog‘li keksa jentlmenga yetgulik ulkan qalbidagi allaqanday bir ichki tuyg‘u ko‘zlariga yosh qalqtirdi, yetarli darajadagi faylasuf bo‘lmaganimiz tufayli buning qanday tuyg‘u ekanini tushuntirib berishdan bosh tortamiz.
– Bechora bola, sho‘rlik go‘dakkina-ya! – tomoq qira-qira dedi mister Braunlou. – Bugun desangiz, missis Beduin, tomog‘im picha bo‘g‘ilib qolibdi. Shamollab qoldimmikin, deb cho‘chib turibman-da.
– Xudo asrasin-a, ser, undaymasdirov, – dedi missis Beduin. – Hamma buyumlaringiz yaxshilab quritilgandi, ser.
– Bilmadim, Beduin, bilmadim, – dedi mister Braunlou. – Nazdimda, kecha tushlik paytida menga ho‘l sochiq berishganday bo‘lishgandi, lekin buning ahamiyati yo‘q… Ahvoling qalay, tuzukmisan, bo‘talog‘im?
– Juda yaxshi, ser, – javob qildi Oliver. – Menga ko‘rsatayotgan mehribonchiligingiz uchun rahmat sizga, ser.
– Ajoyib bola… – dedi mister Braunlou qat’iy. – Biron nima berdingizmi unga, Beduin? Suyuqqina sho‘rva-po‘rva ichirdingizmi?
– Ser, u hozirgina kobili qaynatma sho‘rvadan bir taqsimchasini ichib oldi, – missis Beduin qaddini g‘oz tutib javob berarkan, suyuqqina sho‘rva pazandalik ila tayyorlangan qaynatma sho‘rva bilan ikki dunyoda ham tenglasha olmasligiga shama qildi.
– Uh! – deb qo‘ydi mister Braunlou yelkalarini uchirib. – Yaxshi portveyndan ikki qadahginasi undan ko‘ra ko‘proq foyda qilgan bo‘lardi bolaga. To‘g‘rimasmi, Tom Uayt?
– Mening ismim Oliver, ser, – dedi kichkina bemor hayron bo‘lib.
– Oliver, – takrorladi mister Braunlou. – Oliver, xo‘sh, u yog‘i-chi? Oliver Uayt, shundaymi?
– Yo‘q, ser, Tvist; Oliver Tvist.
– G‘alati ismi sharif! – deb qo‘ydi keksa jentlmen. – Nimaga unda sudyaga Uayt deding?
– Men unga bunday deganim yo‘q, ser, – e’tiroz bildirdi Oliver esankirab.
Uning bu gapi shunchalik yolg‘onga o‘xshab ketdiki, oqibatda keksa jentlmen nihoyatda jiddiy tikildi. Bolaga ishonmaslik aqlga to‘g‘ri kelmasdi shu tobda: etsiz, latif chehrasida rostgo‘ylik aks etib turardi.
– Qandaydir tushunmovchilik bo‘libdi-ku! – dedi mister Braunlou.
Uning Oliverga tikilib turish uchun boshqa asosi qolmagandi, biroq shu tobda bolaning qaysidir tanish chehraga o‘xshashligi haqidagi fikr keksa jentlmenni qaytadan shunday bir kuch-la band etib olgandiki, qariya sira undan ko‘z uzolmasdi.
– Mendan jahlingiz chiqmayotgan bo‘lsa kerag-a, ser? – so‘radi Oliver unga iltijo-la javdirab.
– Aslo! – dedi keksa jentlmen. – Bu qanaqasi bo‘ldi?.. Beduin, bir qarang-a!
Shunday derkan, u shosha-pisha bolaning tepasidagi suratni, keyin Oliverning basharasini ko‘rsatdi. Quyib qo‘ygandek o‘zginasi. O‘sha suratdagi yuz bichimi, o‘sha ko‘z, o‘sha manglay, o‘sha og‘iz. Yuz ifodasi naq o‘zginasi, bamisoli har bitta chiziq zargarona san’at bilan ko‘chirib qo‘yilganday!
Oliver bunday tasodifiy xitobning boisini bilolmadi, zero, buning oqibatida kelib chiqqan asabiy hayajonga dosh beradigan quvvati yo‘q edi hali, shul sabab u hushdan ketdi.
Unda namoyon bo‘lgan zaiflik hozircha bolani xoli qoldirib, kitobxonning quvnoq keksa jentlmenning ikki o‘spirin shogirdiga bo‘lgan qiziqsinishini qondirib, Tullak va uning muhtaram do‘sti yosh Beytsning yuqorida tavsif etganimizdek, mister Braunlouga qarashli xususiy buyumni g‘ayriqonuniy ravishda o‘zlariniki qilib olganlari oqibatida boshlangan ta’qibda qatnashib, Oliver ketidan quvayotgan paytlarida o‘z jonlari g‘amini yeyishdek maqtovga loyiq tuyg‘u izmida bo‘lganlari to‘g‘risida hikoya qilish imkonini beradi. Bashartiki, haqiqiy ingliz eng avvalo va nihoyatda mag‘rurlanib, o‘z grajdanlik erk-ixtiyori-yu shaxs erkinligi bilan maqtanib yurar ekan, u chog‘da Tullak hamda yosh Beytsning xatti-harakati (o‘z tinchligi-yu halovati tashvishini chekayotganining ushbu rad etib bo‘lmas dalil-isboti, ba’zi teran fikrli faylasuflar tabiat deb atalmish farishtaning butun faoliyat-qilmishlarini asos qilib olgan mo‘jazgina qonunlar majmuasi qayd va tasdiq etgani kabi) jamiki jamoat arboblari-yu vatanparvarlar ko‘zi o‘ngida oshnalarning mavqe-e’tiborini bir pog‘ona ko‘tarishi lozim ekaniga kitobxon diqqatini tortib o‘tirishning hojati bo‘lmasa keragov! Hozirgina zikr etib o‘tganimiz faylasuflar o‘sha saxiy farishtaning faoliyatini nazariya va tartib-qoidalarda g‘oyatda donishmandlarcha mujassam etib, uning teran dahosi, oqil-u fozilligiga seriltifot, xushyoqar hamd-u sano o‘qiganlar-u, ammo unga yurakka, olijanob tilag-u maylga hamda his-tuyg‘ularga dohil jamiki narsani mutlaqo yo‘latmaganlar. Zotan, ushbu sifat-u fazilatlarni umumning rizoligi-la o‘z jinsiga xos behisob mayda-chuyda qusur-u ojizliklardan ustun turadi, deb tan olingan farishta uchun mutlaqo nomunosib hisoblaganlar.
Mabodo, kaminalari uchun falsafiy jihatdan bu yosh jentlmenlarning xulq-atvorlariga nafi tegadigan birorta dalil-isbot zarur bo‘lganidami, kamina shu zamonoq (ushbu hikoyatimizning oldingi bobida aytib o‘tilgan) bir dalilni, ya’ni hammaning diqqat-e’tibori Oliverga qaratilgach, ularning ta’qibni bas qilib, darhol eng qisqa yo‘l bilan uyga qaytganlarini misol keltirgan bo‘lardim. Kamina ma’lum-u mashhur, hamma narsadan boxabar donolar buyuk fikr-xulosalarga eltguvchi so‘qmoqlarni qisqartirish odatiga egalar, deb da’vo qilmoqchi emasman-u (aslida, ular ko‘proq mavzudan chalg‘ituvchi turlicha ezmalik va ikkilanishlar yordamida, qorishib, g‘ujg‘on o‘ynab ketgan fikr-o‘ylari tazyiqi ostida qolgan mast kishilarday, masofani uzoqlashtirishga moyildirlar), biroq shuni aytish niyatidaman va buni ishonch bilan qayd etamanki, talay buyuk faylasuflar nazariyani rivojlantira turib, o‘zlari uchun zarracha bo‘lsin xavf tug‘diradigan jamiki tasodiflarga qarshi oldindan chora ko‘rib qo‘yadilar va bu bilan beqiyos donishmandlik va tadbirkorliklarini namoyon etadilar. Shu tariqa, ulug‘vor ezgulik yaratmoq uchun siz kichkinagina yomonlik qilish huquqiga egasiz, oldingizga qo‘ygan niyat-maqsadingiz pirovardida bemalol oqlay oladigan har qanday tadbir-u usulni qo‘llasangiz bo‘laveradi. Yaxshilik darajasi bilan yomonlik darajasini, hatto ular orasidagi tafovutni aniqlash butunicha bundan manfaatdor faylasufning inon-ixtiyoriga berib qo‘yiladi, zotan u har bir ayrim voqea-hodisani oqilona, aniq hamda xolisanlillo tahlil-u tadqiq yo‘li bilan aniqlayversin.
Ikkala bola tor hovli-yu jinko‘chalardan g‘izillagancha o‘tib borib, pastak va g‘ira-shira darvozaxonaga yetganlaridagina to‘xtashga jur’at etishdi. Bu yerda nafasni rostlab yana gapira oladigan holatga kelgunlaricha qancha vaqt zarur bo‘lsa, roppa-rosa shuncha vaqt miq etmay turishdi, keyin yosh Beyts sho‘xligi tutib, qiyqirib kulgancha, o‘zini tappa pillapoyaga tashladi-yu, zavqi jo‘shib u yoqdan-bu yoqqa ag‘anayverdi.
– Nima bo‘ldi? – surishtirdi Tullak.
– Xa-xa-xa! – xaxolardi Charli Beyts.
– Yum og‘zingni, – buyurdi Tullak ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglab. – Nima, ilintirib ketishlarini xohlayapsanmi, ahmoq?
– Hech