Капитан Грант болалари. Жюль ВернЧитать онлайн книгу.
tashladi. Ko‘p o‘tmay qopqorong‘u osmon sathida gurullab yonayotgan to‘siq ko‘tarildi. Gulxan alangasi qir yuzini uzoq-uzoqlargacha yoritdi. Shunda Glenarvan sonsiz-sanoqsiz yirtqichlar hujumidan saqlanishlari kerak ekanini ko‘rdi. Bunchalik ko‘p och bo‘rini hech kim ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Talkav yoqib yuborgan gulxan yirtqichlarni darhol to‘xtatdi, lekin ularni yanada battarroq quturtirdi. Shunga qaramay orqadagilarning siqig‘i bilan oldingilaridan bir nechtasi gulxanga juda yaqin kelib, panjalarini kuydirib oldilar. Uvlab kelayotgan bo‘rilar galasining hujumini to‘xtatish uchun har zamon-har zamonda o‘q uzib turishga to‘g‘ri keldi. Bir soatchadan keyin qirda o‘n beshga yaqin bo‘rining o‘ligi cho‘zilib yotar edi.
O‘rovda qolganlarning ahvoli endi juda ham xavfli emasdi. Porox tutaguncha, ramadaga kiraverishdagi gulxan o‘chmaguncha bo‘rilarning bostirib kirishidan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Lekin mudofaaning bu vositalari tugagach nima qilishadi? Glenarvan Robertga qaradi-yu, yuragi ezilib ketdi. Endi u o‘zi to‘g‘risida o‘ylamas, hali bola bo‘lishiga qaramay, shu qadar dovyurak bo‘lgan bechora Robertni o‘ylardi. Robertning rangi oqarib ketgan edi, ammo u, miltig‘ini qo‘lida mahkam ushlab turar va dadillik bilan quturgan bo‘rilarning hujumini kutardi.
Glenarvan ahvolni sovuqqonlik bilan o‘ylab ko‘rdi-da, undan qutulish yo‘lini axtara boshladi.
‒ Biror soat o‘tar-o‘tmas poroximiz ham, o‘qimiz ham tugaydi, gulxanimiz o‘chadi, – dedi u, – lekin o‘sha paytni kutib o‘tirmay biror chora topishimiz kerak.
U Talkav oldiga bordi-da, o‘zi bilgan butun ispancha so‘zlarni ishga solib, so‘zlashmoqqa boshladi, ularning suhbati o‘q uzilgan paytlarda tez-tez bo‘linib turdi.
Ular bir-biriga zo‘rg‘a gap tushuntira oldilar. Yaxshi hamki, Glenarvan qizil bo‘rilarning odat va xususiyatlarini bilardi, bo‘lmasa u patagoniyalikning imo-ishoralarini tushunmagan bo‘lardi. Shunday bo‘lsa ham Glenarvan Talkav bilan qilgan suhbatining mazmunini Robertga aytib berguncha chorak soat vaqt o‘tdi.
‒ U nima dedi? – deb so‘radi Robert Grant.
‒ Nima qilib bo‘lsa ham ertalabgacha dosh berishimiz kerak dedi. Aguar faqat kechasi ovga chiqadi, tong otishi bilan iniga qaytadi. U tun yirtqichi juda yuraksiz bo‘ladi, yorug‘dan o‘lguday qo‘rqadi – to‘rt oyoqli boyqush deganday gap.
‒ Bo‘pti, tong otguncha turib beramiz!
‒ Ha, o‘g‘lim, miltiq foyda bermay qolganda pichoq bilan o‘zimizni himoya qilamiz.
Talkav allaqachon mudofaaning bu usulini ham qo‘llay boshladi, bironta bo‘ri gulxanga juda yaqin kelsa, patagoniyalik pichoq ushlagan uzun qo‘lini gulxan orasidan cho‘zib, bo‘riga hamla qilar, har safar pichog‘i yirtqichning qoniga bo‘yalib qaytar edi.
Bu orada himoya vositalari tugay deb qoldi. Kechasi soat ikkilarda Talkav bir quchoq qilib, oxirgi bedani gulxanga tashladi; hammasi bo‘lib beshta o‘q qolgandi.
Glenarvan atrofga g‘amgin nazar tashladi. U yonida turgan bolani, o‘rtoqlarini, barcha sevgan kishilarini o‘ylardi. Robert jim turardi. Uning bola tasavvurida bu xavf yengil-yelpi narsaday tuyulayotgan bo‘lsa ehtimol. Lekin Robert uchun ham Glenarvan tashvishlanardi. Uning ko‘ziga dahshatli o‘lim, bo‘rilarga tiriklayin yem bo‘lish manzarasi ko‘rinib ketdi. Ortiq o‘zini tuta olmay, Robertni yoniga tortdi va uni mahkam ko‘ksiga bosib, ko‘z yoshlarini tiyib turolmay bolaning peshonasidan o‘pdi.
Robert unga kulib qaradi.
‒ Men qo‘rqayotganim yo‘q, – dedi u.
‒ To‘g‘ri, o‘g‘lim, qo‘rqishning hojati ham yo‘q, – dedi Glenarvan. – Ikki soatdan keyin tong otadi, qutulamiz… Barakalla, Talkav! Yasha, patagoniyalik botir do‘stim! – deb qichqirdi u, hindning gulxan ustidan sakrab o‘tmoqchi bo‘lgan ikkita katta bo‘rini miltiq qo‘ndog‘i bilan urib, cho‘ziltirib qo‘yganini ko‘rib.
Lekin shu payt Glenarvan o‘chayotgan gulxan yorug‘ida bir gala bo‘ri zich bo‘lib ramadaga bostirib kelayotganini ko‘rib qoldi.
Qonli fojianing oxiri yaqinlashib kelmoqda edi. Gulxan sekin-asta o‘cha boshladi. Shu paytgacha alanga yoritib turgan qirni zulmat qopladi, bo‘rilarning ko‘zi yana cho‘g‘ bo‘lib yona boshladi. Bir necha minutdan so‘ng och yirtqichlar galasi to‘siq ichiga bostirib kiradi.
Talkav miltig‘idan oxirgi o‘qni otib, yana bitta bo‘rini o‘ldirdi. Patagoniyalik butun o‘q-dorisini tugatib, qo‘lini ko‘kragi ustiga qovushtirganicha turib qoldi. Boshi quyi egildi. U allanarsani o‘ylayotgandek edi. Quturgan bo‘rilar hujumini qaytarish uchun biror mardona, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usul axtarayotgan edimi? Unga savol berishga Glenarvanning yuragi dov bermadi.
Shu payt birdan bo‘rilarning harakati o‘zgarib qoldi: ular uzoqlashib keta boshladilar, ovozlari ham birdan eshitilmay qoldi. Qir bag‘riga sovuq sukunat cho‘kdi.
‒ Qaytib ketishdi, – dedi Robert.
‒ Shunday bo‘lishi ham ehtimol, – dedi qir tomonga quloq solib turgan Glenarvan.
Lekin bular nima to‘g‘risida gaplashayotganini anglab olgan Talkav, yo‘q degandek bosh chayqadi. Patagoniyalik, och bo‘rilar ikki qadamgina joydagi o‘ljani tong yorib, ularni qorong‘u uyalariga quvib yuborguncha tashlab ketmasliklarini bilardi.
Ammo bo‘rilarning taktikasi o‘zgardi. Endi ular ramadaga eshik tomondan bostirib kirishdan voz kechdilar, biroq tanlagan yangi usullari oldingisidan ham battar edi. Aguarlar, juda qattiq turib o‘t va o‘q bilan himoya qilinayotgan ramadaning old tomonidan hujum qilishdan kechib, uni aylanib o‘tdilar va orqa tomonidan hujum boshladilar. Ko‘p o‘tmay qamaldagilar yirtqichlarning tirnoqlari to‘siqning chirib qolgan yog‘ochlarini timdalayotganini eshitib qoldilar. To‘siqning qimirlab qolgan qoziqlari orasidan bo‘rilarning qonga bo‘yalgan kuchli panjalari va tumshuqlari ko‘rinib qoldi. Hurkib ketgan otlar arqonni uzib, qo‘rquvdan aqldan ozib, qo‘ra ichida u yoqdanbu yoqqa yugurib yurardilar.
Glenarvan bolani ushladi va uni imkoni boricha himoya qilishga ahd qilib, ko‘ksiga bosdi. U Robert bilan birga qochib qutulishni o‘ylay boshlagan edi, birdan ko‘zi hindga tushib qoldi. Hozirgina qafasga tushgan yirtqichdek u yoqdan bu yoqqa tez-tez yurib turgan Talkav birdan sabrsizlik bilan dir-dir titrayotgan otining oldiga bordi-da, bironta ham qayi shini xayoldan qochirmay uni hafsala bilan egarlay boshladi. Yirtqichlarning battar zo‘raygan uvlashi uni zarracha ham tashvishga solmayotgandek edi. Glenarvan patagoniyalikka dahshat bilan qarab turardi.
‒ Bizni tashlab ketmoqchi! – deb qichqirdi Glenarvan, Talkavning minishga hozirlangan kishidek otning jilovidan ushlaganini ko‘rib.
‒ Talkavmi? Hech vaqt! – dedi Robert.
Haqiqatan ham hind do‘stlarini tashlab qochmoqchi emas, o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, ularni qutqarmoqchi edi.
Tauka egarlandi: u so‘liq chaynar va sabrsizlik bilan turgan joyida irg‘ishlar, ko‘zlaridan o‘t chaqnardi. Ot egasining maqsadini tushundi. Hindu jilovdan ushlab endi egarga minmoqchi bo‘lib turganda Glenarvan titroq qo‘llari bilan uni ushlab qoldi.
‒ Ketmoqchimisan? – deb so‘radi u qirning bo‘rilardan bo‘shab qolgan tomonini ko‘rsatib.
‒ Ha, – dedi hindu, Glenarvanning imosiga tushunib. Keyin ispan tilida qo‘shib qo‘ydi: – Tauka – yaxshi ot! Uchqur! Bo‘rilarni ergashtirib ketadi.
‒ Oh, Talkav! – dedi Glenarvan.
‒ Tezroq, tezroq! – deb shoshirdi hindu.
‒ Robert! O‘g‘lim! Eshityapsanmi? – dedi Glenarvan hayajondan ovozi titrab. – U bizni deb jonini qurbon qilmoqchi! Bo‘rilarning butun g‘azabini o‘ziga qaratib, bizni qutqazish uchun pampaslarga qarab ot qo‘ymoqchi!
‒ Do‘stim Talkav! – dedi Robert patagoniyalikning oyog‘i ostiga o‘zini tashlab. – Do‘stim Talkav, bizni tashlab ketma!
‒ Yo‘q, u bizni tashlab ketmaydi, – dedi Glenarvan va hindga o‘girilib, qo‘shimcha